Vazir A.Inoyatov: "Samarqandda tibbiyotni transformatsiya qilish, shu yerning o‘zida eng murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlarini keng yo‘lga qo‘yish zarur"
Bugungi kunda O‘zbekiston tibbiyotida keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari boshlangan. Soha eng ilg‘or yondashuvlar asosida isloh qilinmoqda. Davolash-profilaktika muassasalarida innovatsion diagnostika va davolash usullari joriy etilyapti.
Yangilanishlardan ko‘zlangan maqsad malakali tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, xalqni rozi qilishdan iborat. Davlatimiz rahbari tomonidan soha mutasaddilari oldiga qo‘yilgan ustuvor talab shunday.
Bugun viloyat hokimligida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish Prezidentimiz tomonidan mazkur yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, hozir viloyatda istiqomat qilayotgan 4 million 118 ming nafardan ziyod aholiga sog‘liqni saqlash tizimidagi 338 ta davolash-profiliktika muassasasi tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ularda jami 8 ming nafardan ortiq shifokor va 30 ming nafarga yaqin hamshira faoliyat olib boryapti.
Shu yilning o‘tgan 9 oyida hududda 12 ta oilaviy shifokor punkti, 5 ta oilaviy poliklinika va 30 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Natijada 850 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Ular qoshida ochilgan 2100 o‘rinli kunduzgi statsionarlarda 70 mingga yaqin bemor o‘z salomatligini tiklash imkoniga ega bo‘ldi.
Viloyatda joriy etilgan 160 turdagi yuqori texnologik — laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik amaliyotlari orqali 5 mingga yaqin bemor og‘ir xastaliklardan xalos bo‘ldi. Jumladan, Samarqandda ilk bor o‘zak hujayrasi ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, 52 nafar bemorda buyrak, 1 nafarida jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.
O‘z navbatida, viloyat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining o‘zida 1397 nafar bemorda yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi.
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 17 turdagi asbob-uskunalar xarid qilinib, immunogenetik laboratoriya tashkil etildi. Kattalarda 3013 ta, bolalarda 405 ta ochiq yurakda yuqori texnologik jarrohlik muolajalari bajarildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ajratilgan mablag‘lar hisobidan viloyat bo‘yicha 286 nafar bemorda (145 nafari bolalar va 141 nafari kattalar) yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilyapti.
Hududda tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish uchun 100 nafarga yaqin shifokor Germaniya, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur, Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlarning nufuzli klinika va universitetlarida malaka oshirib qaytdi.
Ana shunday izlanishlar natijasida viloyatda tibbiyot sohasiga robot texnologiyalari kirib kelmoqda.
Kelgusi yilda kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash darajasini 70 foizga yetkazish, xastaliklar asoratlarini 50 foizga kamaytirish maqsad qilingan. Binobarin, viloyat muassasalarida yana 50 turdagi ilg‘or davolash usullarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Tanqidiy-tahliliy o‘tgan yig‘ilishda bu boradagi ishlarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tizimli davom ettirish, tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni samarali hal etish uchun yuksak bilim hamda tajribaga ega, tashabbuskor hamda fidoyi kadrlarga ehtiyoj kattaligi qayd etildi.
Yig‘ilishda shu kungacha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Suhrob Zayniyev boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Shuningdek, Doniyor Asadov boshqarma boshlig‘ining tibbiy yordamni tashkillashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaradigan bo‘ldi.
Vazir yangi rahbarlar oldiga Samarqandda tibbiyotni yanada rivojlantirish, viloyatning o‘zida eng murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, malakali tibbiy xizmatni chekka va olis hududlardagi xonadonlargacha olib kirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni belgilab berdi.