Sog‘liqni saqlash vazirligida 40 foiz xodim ishdan bo‘shatilishi qonuniymi?
Kecha SSV xodimlarining 40 foizini ishdan bo‘shatib, ularga shifoxonalarda ishlash taklifini bildirgani haqida xabar e’lon qilingan edi.
Bu haqda @yuristkadr kanali admini o‘z fikrlari ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, o‘sha 40 foiz xodimlar haqiqatan ham aybli yoki intizomga xilof ravishda harakat qilgan bo‘lganlarida, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 3 yoki 4-bandi bilan, ya’ni mehnat vazifalarini bajarmaganligi sababi bilan bekor qilinar edi.
Lekin xodimlarni bu asos bilan ishdan bo‘shatish oson emas, bunga bir yoki ikki kun yetmasligi aniq, sababi, o‘rtada kamchiliklarni aniqlashtirish, xodimlardan yozma tushuntirishlar olish, kasaba uyushmasi roziligini olish va xodimlarni 3 kun oldin ogohlantirish, degan protseduralar bor.
Demak, bu xodimlar ish beruvchining tashabbusi bilan – Mehnat kodeksi 100-modda bilan ishdan bo‘shatilmagani, aksincha, ular “o‘z arizasi” bilan ishdan bo‘shatilganligi yanada oydinlashmoqda.
Materialda, shuningdek, quyidagi fikrlar keltirilgan: "Biz doim aytib kelamiz, xodimlarning arizasiga asosan ishdan bo‘shatishda, ariza o‘sha xodimlarning o‘zlari tomonidan, ixtiyoriy ravishda va ularning xohish-istaklari asosida beriladi. Ish beruvchi tomonidan majburan ariza olib ishdan bo‘shatish, har qanaqasiga ham noqonuniy bo‘ladi va sudda bunday buyruqlar albatta “sinadi”.
Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatidagi bugungi ishdan bo‘shatishlar masalasida qarshi pozitsiyamiz yanada tiniqlashdi.
Behzod Musayev tizimdagi “tozalash” ishlariga qattiq bel bog‘lagani haqiqatdir. Lekin vazir har qanday holatda ham O‘zbekiston huquqiy-demokratik davlat ekanligini, mehnat huquqlari doimo qonun himoyasida bo‘lishini, hech qanday amaldor qonunlardan ustun bo‘la olmasligini unutmasligi kerak edi."
Unda yana "Masalan, aholidan kelayotgan shikoyatlarga, markaziy apparatda ishlaydigan farroshlar yoki boshqa texnik xodimlarning nima aloqasi bor, ular nima uchun bo‘shatilishi kerak?", deya savol qo‘yilgan.