Metabolizm nima va uni qanday qilib tezlashtirish mumkin?
Inson organizmidagi moddalar almashinuvi metabolizm deb ataladi. U ikkita asosiy jarayonni o‘z ichiga oladi – katabolizm va anabolizm. Moddalar almashinuvi oziq-ovqatni tanadagi barcha jarayonlar uchun zarur bo‘lgan energiyaga aylantirib, organizm normal ishlashini ta’minlaydi.
Metabolizm qator muhim funksiyalarni bajaradi, shu jumladan hujayralar, to‘qimalar, organlarning o‘sishi va tiklanishini ta’minlaydi, organizmdan toksinlar chiqib ketishiga yordam beradi, tana haroratini me’yorida ushlab turadi.
Metabolizm tezligiga irsiyat, yosh, jins, mushak massasi kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi.
Metabolizm tez bo‘lishining afzalliklari nimada?
Tez metabolizm inson o‘zini yanada tetik his qilishi, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirish, miya faoliyatini yaxshilash, immunitetni mustahkamlash, teri va sochlar sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi.
Moddalar almashinuvini tezlashtirish uchun inson turmush tarzini o‘zgartirishi kerak.
Metabolizmni qanday tezlashtirish mumkin?
Buning uchun inson, birinchi navbatda, turmush tarzini o‘zgartirishi zarur. Bunda bir qancha qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:
Muntazam sport bilan shug‘ullanish. Jismoniy faollik mushak massasini oshirishga, bu esa, o‘z navbatida metabolizm tezlashishiga yordam beradi.
To‘g‘ri ovqatlanish. Ko‘proq oqsil va kletchatkaga boy mahsulotlarni iste’mol qilish, ratsionda shakar, tuz va zararli yog‘larni kamaytirish, zarur miqdorda suv ichish.
To‘g‘ri va yetarlicha uxlash. Muntazam ravishda 7-8 soatdan kam uxlash moddalar almashinuvini sekinlashtirishi mumkin.
Zararli odatlardan voz kechish. Chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish organizm zaharlanishi va buning natijasida metabolizm jarayoni sust kechishiga olib keladi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.