Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu yilgi test sinovlari qachon va qay tartibda o‘tkaziladi?

Prezidentimiz raisligida shu yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Ta’limga daxldor barcha vazirlik va idoralar, muassasalar zimmasiga mavjud masalalarni sodda va qulay, lekin karantin talablariga to‘liq amal qilgan holda hal etish majburiyati yuklandi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun uchta majburiy va ikkita mutaxassislik fanidan imtihon topshirishi bo‘yicha shu yil joriy etilayotgan amaliyot yuzasidan ham fikr bildirdi. Karantin sharoitida yoshlarning imtihonga to‘la tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati cheklangani ta’kidlanib,  

Davlat test markazi oldiga tezkorlik bilan hal etiladigan dolzarb vazifalarni qo‘ydi.  

Darhaqiqat, karantin cheklovlari tufayli abituriyentlar kirish test sinovlariga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rolmagani aniq. Shu bois, bu yil oliy ta’lim olishga harakat qilayotgan yoshlar uchun qator yengilliklar ko‘zda tutilmoqda. Avvalo, test  topshiriqlari soddalashtirilyapti. Xususan, fanlar kesimida har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda. Abituriyentlarning test topshiriqlarini  tez anglay olishlari, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, chet tili (ingliz, nemis, fransuz), biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari bo‘ladi. Ona tili va adabiyot fanidan mustaqil o‘qish uchun tavsiya  

qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘payadi, matn tarkibidagi so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llangani, gaplarni to‘g‘ri tuzilganini aniqlash,  

matndagi so‘zlarning ma’nosini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish yuzasidan test topshiriqlari shakllantirilmoqda. Kimyo fanidan nazariy savollar soni oshiriladi, laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari yaratiladi. Fizika fanidan ham eng oson test topshiriqlari soni 10 taga oshib, nazariy test topshiriqlar soni ko‘paytiriladi.  

Shuningdek, abituriyentlarga yanada  

qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab  

chiqildi, u test sinovi jarayonida  

taqdim etiladi. 

Yana bir yengillik shuki, abituriyentlarni ro‘yxatga olishda kiritiladigan ma’lumotlar yana ham kamaytiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni davlat xizmatlari markazlari, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek, Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali onlayn rejimda amalga oshiriladi.  

Uyidan chiqmagan holda, mobil telefon (kompyuter) yordamida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi.  

Ayni paytda yaratilgan zaruriy dasturlar Davlat test markazining rasmiy veb-saytida test rejimida ishga tushirildi va hozir abituriyentlar ko‘nikma hosil qilish, umuman, mashq qilish uchun undan foydalanmoqda. 

Test natijasini e’lon qilish tartibi, e’lon qilish manbalari o‘zgarmaganini eslatib o‘tish joiz. 

Shuningdek, endilikda abituriyentlar ingliz, nemis va fransuz tillaridan tashqari, o‘zbek, rus, qoraqalpoq tili va adabiyot, matematika fanlaridan ham milliy sertifikat olishi va bu fanlardan test sinovi topshirmay, maksimal ballni qo‘lga kiritishi mumkin. Bu imkoniyat joriy yil oxiriga qadar yo‘lga qo‘yilishi  

ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, kelasi yildan boshlab boshqa umumta’lim fanlaridan ham mazkur tajriba bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 

Shu o‘rinda ayni kunlarda abituriyentlarni qiziqtirgan test sinovlari bo‘lib o‘tadigan muddat va bu yildan joriy qilinayotgan test sinovi topshiriladigan 5 ta fan to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tsak.  

Prezidentimizning 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, belgilangan muddat va 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo‘limga ajratib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritish hozir ham amalda.

Mamlakatimizda davom etayotgan pandemiya sharoitida ehtimoliy vaziyat haqida oldindan bir nima deyish qiyin.  

Masalan, karantin cheklovlari bekor qilinishi ham, aksincha bo‘lishi ham mumkin. Bu borada muhim qarorni respublika maxsus komissiya chiqaradi. Har qanday holatda ham o‘zgarishlar to‘g‘risida jamoatchilik tezkorlik bilan xabardor qilinadi. 

Umuman, abituriyentlarga jiddiy,  

puxta tayyorlanish tavsiya qilinadi.  

Bu yilgi kirish test sinovlari qachon va qay tartibda bo‘lmasin, baribir o‘tkaziladi.

Majid Karimov,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori.

(«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2020 yil 15 may sonidan olindi).