Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buxorolik imomlar Samarqand masjidlarida amri ma’ruf qiladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti” hamda “Tasavvufning vazifalari: tariqat va shariat” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand va Buxoro viloyatlari vakilliklari hamda diniy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Buxorodagi masjidlar imom-xatiblari ishtirok etdi.

Seminarda “Soxta tariqatchilikning salbiy oqibatlari”, “Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosi va hozirgi kundagi ahamiyati”, “Kalom ilmi rivojiga movarounnahrlik allomalarning qo‘shgan hissasi”, “Ta’vilot al-Qur’on” asarining dunyo miqyosida va O‘zbekistonda o‘rganilganlik darajasi”, “Buxorodagi Safforiylar oilasining Movarounnahrda kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Mumtoz tasavvuf va zamonaviy tariqatchilik” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.

– Buxorolik din vakillari bilan hamkorlikda bu kabi seminarlar muntazam o‘tkazib kelinadi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili Z.Eshonqulov. – Endilikda markazda boshqa viloyatlardagi masjidlar imomlari ishtirokida ham o‘quv mashg‘ulotlari, davra suhbatlari tashkil etiladi. Ertaga viloyatimizdagi masjidlarda buxorolik imomlar ishtirokida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi va birgalikda juma namozi ado etiladi.

Mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari D.Mamadqulov ishtirok etdi.

Husan ELTOYeV.