Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dorixonaga tushgan o‘g‘ri 32 700 000 so‘mlik mol-mulkni o‘g‘irlab ketdi

Yangi yilga o‘tar kechasi bayramni hamma oila davrasida, to‘kin dasturxon atrofida nishonlaydi. Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Feruzjon esa 2018 yilning 31 dekabr kuni kechki payt onasi bilan janjallashib, ko‘chaga chiqib ketdi. U ko‘chada tanishlari bilan birga o‘yin-kulgi qildi. So‘ngra chetroqqa o‘tib, yonidagi shpritsga o‘zi doim sotib oladigan dori vositasini tortib, o‘ziga ukol qildi. Kayfi oshgach, doimiy mijozga aylangan Samarqand shahar Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi 1-“A” uyda joylashgan dorixona tomon yurdi.

Dorixona sotuvchisi unga ko‘pdan beri so‘ragan dori vositalarining birini bersa, boshqasini bermay yoki shprits sotmay, jig‘iga tegib kelayotgandi. Sotuvchi uning asabiga tegib kelayotgani shu tobda esiga tushdi. Kayfi taroq Feruzjon dorixona eshigi oynasini sindirib, ichkariga kirdi. U yerdan bahosi 9 million so‘mlik har xil turdagi dori vositalarini, 300 ming so‘m pul, “Nokiya” rusumli uyali telefon apparati, 2 dona noutbuk, video kuzatuv xotirasi, xullas, jami bahosi 32.700.000 so‘mlik mol-mulklarni yashirin ravishda o‘g‘irlab chiqdi. Shuningdek, u dorixonaga tegishli bo‘lgan muhr, shtamp hamda S.Axtamovning fuqarolik pasportini ham o‘zi bilan olib ketdi.

Feruzjon G‘olibovning ushbu xatti-harakati ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Endi u qilmishiga yarasha jazosini oladi.

Viloyat IIB matbuot xizmati.