Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dushan Fayziyning rafiqasi

Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi, 16 ta orden va medal sohibi. San’at arbobi, ilmu fan fidoiysi, taniqli shoir Dushan Fayziy xonadonida bo‘lganimizda, Baxriniso ona bizni ko‘rib o‘tqizishga joy topolmay qoldi. 87 yoshli onaxon farzandlar davrasida guldek yashnab o‘tirardi.Bizni bo‘lsa eng avval qilgan ishimiz onaxon bilan quchoq ochib ko‘rishish, u kishini tavof qilishdan boshlandi. Xalqimizda yaxshi niyat bilan uzoq umr ko‘rgan, piru badavlat insonlarni tavof qilish an’anaga aylanib ketgan. Onaxon olti qiz, ikki o‘g‘il va yana ularning farzandlari nevara va evaralarni ham tarbiyalab voyaga yetkazishda faol bo‘lganlar. Ular taniqli shoir, domla Dushan Fayziy bilan roppa rosa 55 yil umrguzaronlik qilib, avvalo o‘z oilasi va farzandlari, qolaversa, hanuz mahallada namunali ayol sifatida yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

– Bahriniso opa, men «Zarafshon» gazetasi tahririyati topshirig‘i bilan keldim. Ochig‘i, Dushan akaning ishxonasi, javonlari, kitoblari, hatto ayrim liboslarini ham asrab-avaylashingizga havasim keldi.

– Yo‘g‘-yey, bu mening, oilamning burchi axir. Biz ijodkor, mehribon turmush o‘rtog‘im tufayli «Fayziyevlar xonadoni» bo‘lganmiz. Ochig‘i, 10 yildan beri ijodiy uyushmalardan hech kim kelib xabar olmaganidan ko‘nglimda xijillik bor edi. Sizga ham, «Zarafshon» tahririyatiga ham rahmat, ko‘nglimtog‘dek ko‘tarildi.

– Yoshingiz ulug‘ bo‘lsada, suhbatni yoshlarga xos bir savol bilan boshlamoqchiydim. Dushan aka bilan qanday tanishgansizlar yoki ota-ona taklifi bilanmi?

– Domla bizni o‘qitgan. Men sirtdan o‘qirdim. Domla bizga folklordan dars berardilar. O‘sha paytlarda bir –birimizga mehrimiz tushgan.Biroq juda qiyin vaqtlar edi. Na bir to‘y, na bir ziyofat qilolmaganmiz. Ikkimiz yolg‘iz borib ZAGSdan o‘tdik. Keyin bir necha vaqt ayro yashadik. Birga yashashga imkonimiz yo‘q edi.U kishi meni onamnikiga qo‘yib o‘zlari o‘qishga ketdilar. O‘qishlarini tugatib kelib, meni olib kelganlardan so‘ng ham ijarama-ijara yurib rosa qiynalganmiz. Sakkiz joyga ko‘chgandik o‘shanda.Og‘ir davrlar, ochlik, katta qizim tug‘ilgan. Domla bir dona buxonka nonni qo‘ltig‘iga yashirib bizga olib kelardilar. O‘sha paytlar ikkimiz ham qiyinchiliklarga chidaganmiz.

– Onaxon! Shuncha qiyinchiliklarni boshdan kechirgansiz. Qanchadan-qancha yetishmovchiliklar bo‘lgan. Sizlarda ham oilaviy mojorolar, tushunmovchiliklar  bo‘lganmi?

– Yo‘q! Biz hech janjallashmaganmiz. Xatto tortishmaganmiz. Har qanday xolatda ham u kishi menga qattiq gapirmas, men u kishining yuzidan olmas edim. Ilgari ayollar aslo erining yuzidan olmagan. U kishi hamisha bolalarimga ham onangga hech qachon qattiq gapirmaganman deb aytardilar. O‘zi juda xalim, kamtarin inson edilar. Olloh rahmat qilgan bo‘lsin! Ko‘zlariga yosh oldi ona. Birgalikda sakkizta farzandni o‘qitdik.Oliy ma’lumotli qildik. Ikkitasi vrach, qolganlari o‘qituvchi.

– Domlaning ijodiga munosabatingiz qanday bo‘lgan? Aytishingizga qaraganda og‘ir davrlar bo‘lgan. Har qanday xotin ham “qog‘oz titib o‘tirguncha menga yordamlashing, yoki unday qiling, bunday qiling!“ deyishi mumkin bo‘lgan. Shunday emasmi?

– To‘g‘ri o‘sha davrlar ikkimiz uchun ham sinov davri bo‘ldi menimcha. Keyinchalik piyessalar yozdilar, gonararlar oldilar. Hammasi o‘tib ketdi. Birinchi marta “Zarafshon qizi” piyessasini yozdilar o‘shanda juda katta gonarar olgandik. Uylarimizni qurib, O‘zimizni o‘nglab olganmiz.

– O‘sha davrlarda hayotingizni gashti bo‘lganmi? –Biz uchun birga yashaganimizning o‘zi har bir daqiqamiz hayotimizning gashti edi.

– Umr yo‘ldoshingiz Dushan Fayziy ijodidan siz sevib o‘qiydigan, yoki yod olib aytib yuradigan she’ringiz bormi?

(Baxriniso ona yuziga quvonch yugurib, bosh irg‘adi):

– Ha, “Sabo bilan” nomli she’ri nafaqat menga oila a’zolarimizning hammasiga yoqardi.

Dilrabo, qalbimga kirding tonggi ul sabo bilan,

Ne sabokim, subhidamda yangragan navo bilan.

Shu she’rni Habiba Oxunova qo‘shiq qilib kuylagan. Radioda Habibaxon shu qo‘shiqni aytsa hammamiz yig‘ilishib tinglardik. Men uni xirgoyi qilib yurardim.

– Hayotingizdagi hech qachon esdan chiqmaydigan, eng qiziq voqeani eslay olasizmi?

– Oilamizda ketma –ket olti qiz dunyoga keldi. Men nihoyatda uyalar va nihoyatda ezilardim. Oltinchisi dunyoga kelganda har galgidek, dadasi meni ko‘rgani tug‘ruqxonaga borib; “Yaxshimisan?”– desalar yig‘lab yuborganman. Yana har safar tug‘ruqxonadan kelib, qo‘llaridagi sumkani otib yuborib, “Qiz bola!” –der ekanlar, xursand bo‘lib. Olti qizdan so‘ng yettinchisi o‘g‘il bo‘lsa, bu safar uyga kelib,sumkani hurmat bilan joyiga qo‘yib, sekingina o‘girilib; “O‘g‘il bola...”-deganlarini, uydagilar aytishsa xayron qolganman. Shu qadar ko‘ngli kenglik bo‘lishi mumkinmi? Oltita qiz tug‘ilganda ham zig‘irday xafa bo‘lmaganlar.

– Umr yo‘ldoshi sifatida turmush o‘rtog‘ingizning ijodiga qanday baho berasiz?

– Juda yuqori baho beraman. Farzandlarimga ham nabiralarimga ham otalari va bobolari ijodi bilan qiziqishlarini uni qadrlashlarini takidlayman. O‘ttizdan ortiq kitoblar yozib ularga katta ma’naviy meros qoldirganliklarini aytaman.To‘g‘ri bugungi kunda shoirlar ko‘payib ketgan. Bizning davrimizda shoirlar kam edi. Shuning uchunmi,ular hamisha hurmatda bo‘lganlar. Bu kishi Imom Al Buxoriy romanini yozganda katta shov-shuv bo‘lgandi. Men u kishini birgina shu asari bilan oldingi qatorda turishga haqli deb hisoblayman. Bugun o‘sha vaqtdagi suratlarga boqib, yonlarida G‘afur G‘ulom, Komil Yashin,  Turob To‘la, Hamid G‘ulom, Sharof Rashidov, Ahmadjon Muhtorov, Rimma Kazakova, Tesha Saydaliyev, Qambar O‘tayev kabi mashhurlarni ko‘rib, o‘zlari ham shular qatorida bo‘lganini his qilaman.

– Onaxon siz ko‘pni ko‘rgan, hayotni tushungan, tajribali ayol sifatida bugungi kun yoshlariga qanday tilaklar bildirasiz?

-Men ularga oila muqaddas qo‘rg‘on ekanligini, unga hech qachon xiyonat qilmaslik kerakligini, har qanday qiyinchilikni sabr bilan,faqat sabr bilan yengib o‘tish lozimligini aytgan bo‘lardim. Yurtini, xalqini hurmatini hamisha yurakda saqlashini. Yana yoshlarga faqat va faqat baxtli bo‘lishlarini, biz ko‘rgan qiyinchiliklarni ko‘rmasliklarini tilardim!..

Suhbatdosh Jumagul SUVONOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.