Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DXA direktori “Mercedes”, “Leksus” kabi avtomashinalarida “kurerlik xizmatini bajaraman” deya soxtakorlik bilan ruxsatnoma talab qilayotgan uddaburonlarga murojaat qildi

Bugungi karantin davrida oziq-ovqat savdosi va umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatlari uchun (kurerlik va “dostavka”) avtotransportlarga maxsus ruxsatnomalar berilishi belgilangan. Ayni paytga kelib bunday toifadagi arizalar soni 30.000 dan ortiqni tashkil etmoqda.

E’tiborlisi, aynan mazkur korxonalar tomonidan “premium-klass“ avtotransport vositalariga, jumladan, “BMW X7”, “Mercedes”, “Leksus”, “Hyundai”, “Captiva”, “Malibu-2”, “Tracker” va shunga o‘xshash mashinalar uchun ham “kurerlik”ni amalga oshirish uchun arizalar yuborilmoqda.

Ushbu arizalarga ilova qilingan hujjatlarda mazkur toifadagi avtomashinalarning haydovchilari kurer sifatida rasmiylashtirilgan ish beruvchining buyrug‘ini taqdim qilmoqda.

Mamlakatimizda hukm surayotgan ushbu og‘ir kunlarda bunday ishlarni amalga oshirishga “uddaburon” tadbirkorlarimizning vijdoni bunga qanday yo‘l beryapti, hayronman? Aynan ushbu “premium-klass” mashinalar egalari virus tarqatuvchi bo‘lib chiqsa-chi? Mayli, pul uchun hamma narsaga tayyor ekansiz, hech bo‘lmasa, yaqinlaringiz sog‘lig‘i haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Axir bu virus “domino” effekti orqali tarqaladi-ku?

“Premium-klass“ haydovchilari, ushbu mablag‘ni hozirgi sharoitda qiynalib qolgan ehtiyojmand oilalarga sarf etsangiz ruhiyatingiz yengil tortarmidi?

Maxsus ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlari xodimlari tinmay mehnat qilmoqda. Bizda har bir hujjatning haqqoniyligiga alohida baho berish katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Aynan sizdek “hurmatli”lar tufayli, haqiqatdan ham oziq-ovqat, dori-darmon, don mahsulotlarini yetkazib beruvchilar tegishli ruxsatnomasini o‘z vaqtida ololmayapti! Nahotki, sizni Jinoyat kodeksidagi javobgarlikning muqarrarligi prinsipi normalari ham qo‘rqita olmayapti?

Biroq shuni aniq bilishingizni xohlaymiz: g‘arazli maqsadingiz yo‘lida hujjatlarni soxtalashtirishga jinoiy javobgarlik muqarrar.

Qadrli fuqarolar! Insonligimizni unutmaylik. O‘zimizdan boshqalarni ham o‘ylaylik.

Xalilillo TO‘RAXO‘JAYeV,

Davlat xizmatlari agentligi direktori.