Endi to‘ylarda uchtadan ko‘p bo‘lgan mashina yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanilmaydi

Shu yil 14 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisida “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning qabul qilinganini o‘qib, xursand bo‘ldim.
Rost, xalqimiz dunyoga o‘zining mehmondo‘stligi bilan tanilgan. To‘ylarimiz ham hamisha xursandchilik bilan o‘tgan. Bunday to‘ylar o‘zining ixchamligi bilan ajralib turgan. Lekin keyingi vaqtlarda to‘ylardagi ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchilik, kimo‘zarga dasturxon yozish, o‘n besh-yigirmatalab xorij mashinalarini qatorlashtirib to‘y o‘tkazishlar qator ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Endi nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik tartibining joriy etilgani juda ma’qul ish bo‘ldi. Axir dabdadali «ZAGS karvoni» tufayli ozmuncha talofatlar bo‘lmadimi…
Shuningdek, endi to‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati rejalashtirilayotgan oilaviy tadbirlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi, mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari to‘y-marosimlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirishi belgilangani ham ko‘pchilik uchun foydali bo‘ldi.
Ayniqsa, to‘ylarni dabdabali, kimo‘zarga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik qat’iy belgilandi. Bu juda kerak. Zero, to‘ylarni ixchamlashtirish kishilar uchun har jihatdan foydali ekanligini buyuk jadidchi ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ham XX asr boshlarida juda chiroyli yoritib berganlar. U kishining “Baxtsiz kuyov” asari yozilganiga oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
M.BUZRUKOV,
SamDU katta o‘qituvchisi.