Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endilikda sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchining avtotransportini ushlab turish tartibi bekor qilinadi

Senat tomonidan “Byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi.

Qonun bilan jami 6 ta qonun va 3 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar  kiritilmoqda.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 6-moddasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida qarorlar qabul qilish borasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, mazkur kodeksining 291-moddasiga, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibiga o‘zgartish kiritilmoqda.

Endilikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda ularning avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi.

Ma’qullangan Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach, rasmiy kuchga ega bo‘ladi.