Sayyor sudda 59 nafar fuqaroning ishi hal etildi
Viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi “Ishga marhamat” monomarkazida aholi bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.
Tadbirda, shuningdek, viloyat sudi sudyalari hamda jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudlari, Samarqand shahar iqtisodiy sudi sudyalari ishtirok etdi.
Dastlab sayyor qabulga kelgan fuqarolar bilan uchrashuv tashkil etildi. Viloyat sudi raisi Olim Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati haqida tushuncha berdi. Mazkur sayyor qabulning maqsad-vazifasi, ahamiyati va tartibi haqida tushuncha berdi.
Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqilib, 67 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Shundan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi, qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 59 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi. Jazodan ozod qilingan yoki jazosi yengillashtirilgan fuqarolarga monomarkazda kasb o‘rganish tavsiya etildi. O‘qish istagini bildirgan 3 nafar sobiq mahkum markaz rahbariyati bilan kelishgan holda o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha o‘qishga jalb qilindi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.