Navoiyliklar muqaddas maskanda: Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi
Navoiy viloyatining bir guruh jurnalist, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida Payariq tumanida yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi hamda Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan media-tur ishtirokchilari dastlab, ziyoratgoh markazida joylashgan buyuk muhaddis, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining maqbarasini ziyorat qildilar. Bu muqaddas maskan nafaqat diniy, balki ulkan ma’naviy ahamiyatga ega ekani bilan alohida e’tiborga molik.
Media-tur davomida ishtirokchilar majmua hududida barpo etilgan zamonaviy va betakror me’moriy inshootlar bilan tanishdilar. Ushbu majmua 45 gektar maydonni egallab, 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriy binolar va 154 ustunli milliy uslubdagi ayvondan iborat.
Shuningdek, majmua qoshida tashkil etilgan zamonaviy turizm markazi ham alohida e’tiborga sazovor. 15 gektar maydonda joylashgan mazkur markazda mehmonxonalar, avtoturargohlar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etilgan bo‘lib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ilgari bir kunda 12 ming nafar ziyoratchini qabul qilgan majmua bugungi kunda 65 ming nafargacha ziyoratchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
- Shu yil 19 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida ushbu majmuaga tashrif buyurib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini yuqori baholagan edi, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov. - Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Imom Buxoriy hazratlarining islom olamida tutgan o‘rnini alohida ta’kidlab, bu maskan butun musulmonlar uchun ma’rifat va ezgulik manbai bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi. Bugun biz majmuaga kelib buning guvohi bo‘ldik. Majmua tarkibidagi innovatsion muzey media-tur ishtirokchilari - hamkasblarimizda katta taassurot qoldirdi. Ilg‘or axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan 9 ta pavilondan iborat muzeyda Imom Buxoriy hazratlarining hayoti, ilmiy va ma’naviy merosi, nodir asarlar hamda tarixiy eksponatlar keng yoritilganligi bizni hayratda qoldirdi.
Media-tur ishtirokchilari majmuada navoiylik aholi, gazetxon va teletomoshabinlar uchun turkum maqola, reportaj va ko‘rsatuvlar tayyorlashdi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.