Zilzilaga tayyormizmi?
Yangi bino va inshootlar seysmik xavfsizlik talablariga javob beradimi?
Bu savollarga bugun nafaqat rasmiylar, balki qurilish sohasi mutaxassislari ham javob berishga qiynaladi. Sababi Turkiya, Yaponiya, Tayvan singari rivojlangan davlatlarda sodir bo‘lgan zilzilalar va ularning oqibatlari nafaqat bizni, balki dunyo hamjamiyatini sergak torttirdi. Tabiatning bu hodisasiga bepisant munosabat nechog‘lik og‘ir oqibatlarga olib kelishini amalda ko‘rdik.
Aslida, xalqimiz zilzila nima va qanday vayronkor kuchga ega ekanligini yaxshi biladi. Yurtimizning seysmik faol hududida joylashgan qismida ro‘yxatga olingan eng kuchli zilzilalardan biri 1902 yilning 16 dekabri, ertalab soat 10:00da Andijon shahrida ro‘y bergan. O‘sha kuni uchta 9 balli va undan yuqori kuchga ega turtkilar shahar va uning atrofidagi qurilishlarni yakson qilgan. 1946 yilning 3 noyabrida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning katta hududini qamrab olgan Chotqol zilzilasi, 1966 yilning 26 aprelida Toshkent zilzilasi, 1976 yilning 8 aprelida ikki qaytalagan Gazli zilzilalari keltirgan kulfatlarni yoshi ulug‘larimiz yaxshi eslashadi. Biroq keyingi vaqtlarda bu “tajriba” bir oz esdan chiqarilgandek.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgan Prezidentning 2024 yil 17 apreldagi “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ayni masalalar muhokama qilindi. Unda qurilish korxonalari, ijtimoiy soha ob’yektlari rahbar xodimlari, jurnalist va mas’ullar ishtirok etdi.
Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi kafedra mudiri, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Erkaboy Sobirov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti ilmiy xodimi Mirjalol Xoliqov yangi qarorning ahamiyati, unda belgilangan ustivor vazifalar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, bugun bizda binolarning zilzila va boshqa omillar sabab ko‘rgan zarari darajasini aniqlash, ularni bartaraf etish, umuman, qurilish ishlarida seysmoizolyasiya va dempfer uskunalaridan foydalanish masalasiga e’tibor talab darajasida emas. Qaror bu jarayonni tartibga solib, sohada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash vazifasini qo‘yayotgani bilan ahamiyatli.
Unga muvofiq, 2024 yilning 1 iyunidan MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot ob’yektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyasiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu sanadan respublika hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti qo‘llaniladi. Bunda seysmoprognostik monitoring amalga oshirilishini tashkil etish, bo‘lib o‘tgan zilzilalarning raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va qayta ishlash Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan, zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi, darajasi va zilzila darakchilarining turli geodinamik jarayonlarda namoyon bo‘lishi, shuningdek, yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Joriy yilning 1 iyulidan boshlab esa yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III - IV toifa bo‘lgan ob’yektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalariga avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanmoqda. Bu uskunalardan olinadigan ma’lumotlar yagona bazaga kiritilish orqali doimiy nazorat qilib boriladi.
— So‘nggi 10 yilda dunyoda sodir bo‘lgan falokatli zilzilalar oqibatida 914 ming kishi qurbon bo‘lgan, 2,5 milliondan ortiq kishi jabrlangan, umumiy iqtisodiy zarar esa 360 milliard dollarni tashkil etgan, - deydi Mirjolol Xoliqov. – To‘g‘ri, texnika va texnologiyalarning hozirgi taraqqiyoti bilan ham zilzilaning qachon va qayerda bo‘lishini aniq aytib bera olmaymiz. Lekin biz zilzilaga tayyor bo‘lsak, buning ahamiyati yo‘q. Ayni maqsadda seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Rejada bugungacha foydalanuvda bo‘lgan bino va inshootlarni ham nazoratdan o‘tkazib, zilzilaga bardoshliligi oshirilishi belgilangan.
Kunning ikkinchi yarmida viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida seminar o‘tkazilib, joylardagi qurilish ob’yektlarida o‘rganish ishlari olib borildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.