Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yetim bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida"gi qonun loyihasini regulation.gov.uz saytiga muhokamaga qo‘ydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi dolzarbligi, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqish zaruriyati bo‘lganligi bilan ahamiyatli.

Har yili 400 nafardan ko‘proq Mehribonlik uylari bitiruvchilarining 60 nafari oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirmoqda. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash hamda huquqini tiklash masalalari to‘liq hal qilinmagan.

Ushbu toifadagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish turli xil normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Lekin ularning ta’lim olish, ish bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kabi turli xil hayotiy vaziyatlardagi ijtimoiy himoyasini to‘liq ta’minlash imkonini bermaydi.

Qonun loyihasi 3 ta bob va 24 ta moddadan iborat. Qonun loyihasining birinchi bobida — umumiy qoidalar, qonunda qo‘llanilgan asosiy tushunchalar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, yetim, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, yomon muomala, beparvolik, ekspluatatsiya hamda zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish o‘rin olgan.

Ikkinchi bob — yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar huquqlarining asosiy kafolati, ta’lim olishi, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy xizmatlarni olish, ro‘yxatdan o‘tish joyi va fuqaroligidan qat’iy nazar, yashash joylari, mulk, mehnat, davlat organlariga murojaat qilish, huquqiy yordam, sud himoyasi, fuqarolik, uy-joy, mulk, mehnat, huquqini o‘z ichiga oladi.

Uchinchi bob — yakuniy qoidalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni moliyaviy ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar tartibini va ushbu qonun loyihasida belgilangan nizom qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilaydi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishning barcha jihatlari va ularning huquqiy ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.

«Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasi 5 avgust kuniga qadar davom etadi.