Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Futbol: «Dinamo»-«Nasaf» bellashuvi finalga teng bo‘ladi

Superliganing o‘tgan 25-turida Samarqandning “Dinamo” jamoasi “Surxon” klubini mag‘lub etib, o‘zining 12 uchrashuvdagi mag‘lubiyatli seriyasiga barham berdi va ularda yana Superligada qolish imkoniyati paydo bo‘ldi. Chunki chempionatda yana bir jamoa “Buxoro”ning ham xuddi shunday imkoniyati bor. Bu ikki jamoa ham bir xil - 21 tadan ochko to‘plagan. Lekin o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik buxoroliklarda bo‘lgani uchun, vaziyat «Dinamo»ning foydasiga bo‘lmasligi ham mumkin. Bugun ularning biri quyi ligaga tushib ketadi.

Samarqandliklar jamoasining taqdiri o‘z qo‘lida emas, balki «Buxoro» – «AGMK» o‘yinida. Shuning uchun har qanday holatda ham bugun «dinamo»chilar Qarshi shahrida “Nasaf”ni mag‘lubiyatga uchratish uchun maydonga tushadi.

Darvoqe, 2015 yilgi mavsumning so‘nggi turida «AGMK» (Olmaliq) Samarqanddagi so‘nggi uchrashuvda 90+4-daqiqada gol urib (1:1) «Dinamo»ni quyi ligaga tushirib yuborgan bo‘lsa, T.Agamurodov murabbiyligida «Buxoro» Superligada jon saqlab qolgan edi. Taqdirning o‘yinini qarangki, bu gal Agamurodov endi «Dinamo»da. «AGMK» esa «Buxoro» bilan o‘ynaydi. «Dinamo»chilar o‘z taqdiri uchun qattiq kurash olib bormasa, kelgusi yili samarqandliklar katta futboldan mosuvo bo‘lishi mumkin.

Dil MUROD tayyorladi.