Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Misr va Turkiyadan olib kelingan noyob asarlar keng jamoatchilikka tanishtirildi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida markaz kutubxonasida saqlanayotgan va yangi keltirilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 11 yanvarida viloyatimizga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, markaz hamda Hadis ilmi maktabi kutubxona fondini mutaxassislik yo‘nalishidagi xorijiy adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

- Belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 24 iyunda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining kutubxona fondini xorijiy adabiyotlar bilan boyitishga oid qaror qabul qilindi, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Shu asosida joriy yilning 13-26 iyul kunlari islomshunos va sharqshunos olimlardan iborat ishchi guruhimiz Misr va Turkiyaga safarga borib, 1000 nomdagi 5500 ta ilmiy, adabiy, badiiy, tarixiy asarlar olib keldik. Bu kitoblarning asosiy qismi yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi allomalarning asarlari hisoblanadi. Xususan, VII asrga oid Qur’oni karim Usmon mushafining, XI asrda ko‘chirilgan "Sahihi Buxoriy"ning faksimilelari keltirildi. Bundan tashqari, arab, fors, turk tillarida yozilgan qomuslar, ensiklopediyalar, lug‘atlar va qimmatli manbalar ham olib kelinib, markaziy kutubxonadan joy oldi.

Ishchi guruh safari davomida Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) tomonidan markaz kutubxona fondiga 500 ga yaqin, Turkiya qo‘lyozma asarlarni tadqiq qilish instituti tomonidan eng nodir qo‘lyozma asarlarning 100 ga yaqin faksimile nusxalari hamda Marmara universitetining ilohiyot fakulteti islomshunos olimlari tomonidan nashr etilgan hadis, tafsir, islom tarixi, fiqh va kalom ilmiga oid 200 ga yaqin ilmiy-tadqiqot natijalari to‘g‘risidagi asarlar sovg‘a qilindi.

Taqdimotda xorijdan keltirilgan yangi kitoblarning mazmun-mohiyati, ilmiy ahamiyati, asarlarda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berilib, mazkur kitoblar xazinasi xalqaro markaz tadqiqotchilari uchun buyuk allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganish va tadqiq etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari markazda saqlanayotgan qo‘lyozma manbalar va boshqa nodir asarlar bilan ham yaqindan tanishtirildi.