Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Komandirovka»da bo‘lgan xodimlarga har bir kilometr uchun BHMning 0,08 foizi miqdorida yo‘l xarajati to‘lanadi

Endi yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmagan xizmat safarida bo‘lgan byudjet tashkiloti xodimlariga har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 0,08 foiz miqdorida yo‘l xarajati to‘lanadi. Ilgari bu masalani belgilangan talablar asosida korxona rahbarining o‘zi hal qilgan, deb xabar bermoqda «Huquqiy axborot» kanali.

Boshqa tashkilot xodimlariga jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilangan miqdorlarda biroq, har bir kilometrga BHMning 0,08 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda yo‘l haqi to‘lanadi.

Shuningdek, mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda, ushbu nomer qiymatining 70 foizigacha miqdori byudjet mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi esa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi (ilgari faqat 70 foiz miqdorida qoplab berilgan).

Xizmat safarida ijarada turganlik bo‘yicha hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida (44 600 so‘m) xarajatlar qoplanadi (ilgari eng kam oylik ish haqining 2 foizi (4 460 so‘m) miqdorida qoplangan).

Xodim «komandirovka»dan qaytgan kundan e’tiboran 3 ish kuni mobaynida avans (bo‘nak) hisobotini taqdim qilishi shart.

Bu haqda 2019 yil 13 sentyabrda Adliya vazirligida 1268-1 ro‘yxat raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha sifatida qayd etilgan.