Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning yana 13 nafari butunlay tuzaldi

Koronavirus pandemiyasi dunyoning deyarli barcha davlatlariga tahdid solib turgan bir paytda, yurtimizda ushbu xastalikdan tuzalganlarning safi kengayib borayotgani e’tiborga molik. Jumladan, mamlakatimizda ham fidoyi va tajribali shifokorlarimiz sa’y-harakati tufayli koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar navbatma-navbat darddan forig‘ bo‘layotgani barchamizni quvontirmoqda.

Jumladan, bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning yana 13 nafari butunlay tuzalishdi. Ularning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 1 nafari esa Xorazm viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonadan sog‘ayib chiqishdi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishdi.

 

Koronavirus infeksiyasi xastaligidan tuzalgan fuqarolarimizning 1 nafari joriy yil 13 mart kuni Istanbul – Toshkent yo‘nalishidagi reysda, yana 1 nafari esa shu yil 18 mart kuni Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan mamlakatimizga kelgan. Qolgan 11 nafar kishi esa koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lishgan. Ayni paytda yurtimizda koronavirus infeksiyasidan jami sog‘ayganlar 25 nafarga yetdi.

Tabiiyki, ushbu quvonchli voqea zamirida fidoyi va malakali tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi bor. Koronavirus infeksiyasi dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgan bir paytda, yurtimiz shifokorlari sarosimiga tushmasdan, o‘z qasamyodlariga sodiq holda pandemiya bilan kurashishdek katta mas’uliyatni zimmalariga olishdi. Bor bilim va tajribasini ishga solgan holda qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashishga kirishdilar va samarali natijalarga ham erishmoqdalar. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.