Samarqandda zamonaviy jarrohlik markazi tashkil etildi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilayotgan “Amaliy xirurgiyada hozirgi zamon yondashuvlari” mavzusidagi xalqaro Samarqand –Sankt-Peterburg simpoziumi doirasida universitet ko‘p tarmoqli klinikasining yangi xirurgik binosi ochildi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi qariyb 100 yillik tarixga ega bo‘lib, dastlab respublika shifoxonasi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Bu yerda tibbiyotning 30 dan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradigan ixtisoslashgan yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi o‘ttiz yilda klinikada tug‘ruq kompleksi, maslahat poliklinikasi, funksional diagnostika, endoskopik xirurgiya bo‘limlari hamda umumiy amaliyot vrachlarini tayyorlash markazi tashkil etildi. Muassasa zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.
Oxirgi uch yilda klinikada MRT, MSKT, raqamli rentgen, so‘nggi rusumdagi UTT apparatlari o‘rnatilgan diagnostika markazi ishga tushirildi. Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiyali murakkab operatsiyalar, jumladan jigar va buyrak transplantatsiyasi, bariatrik operatsiyalar, neyroendoskopik, mikroftalmologik, endourologik, laparoskopik, torakoskopik jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. Koronavirus pandemiyasi davrida maxsus laboratoriya tashkil etildi va u Germaniyada ishlab chiqarilgan PZR hamda immunoferment analizatorlari bilan jihozlandi.
200 o‘rinli yangi xirurgik bino ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bunyod etildi. Xalqaro andozalardagi loyiha asosida 5 qavatli bino qurilishi 2021 yilda boshlanib, qariyb to‘rt yil davom etdi. Bu yerda 64 milliard so‘mlik qurilish-bunyodkorlik ishlari bajarildi.
Binoning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Oleg Ergashev ishtirok etib, yangi markaz aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Keyingi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz o‘z hayotida seza boshladi, – dedi E.Turdimov. – Jumladan, bugun respublika darajasidagi 261 turdagi jarrohlik amaliyotlarining 243 tasi Samarqandda ham amalga oshirilayotgani sohaning qanchalik jadal rivojlanayotgani, viloyatimizdagi tibbiy muassasalar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Birgina 2023 yilda viloyatimizdagi tibbiy muassasalarda investitsiya va mahalliy byudjet mablag‘lari asosida 133 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Jumladan, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali yangi binoga ko‘chib o‘tdi, teri-tanosil kasalliklari shifoxonasining yangi binosi qurib bitkazildi, Samarqand shahar 1-son tug‘ruq majmuasi uchun Qorasuv massivida yangi, zamonaviy bino qad rostladi.
Yangi binoda maslahat poliklinikasi, reabilitatsiya, oftalmologiya, angioxirurgiya va rentgenendovaskulyar xirurgiya, xirurgiya va jigar transplantatsiyasi, uroginekologiya va buyrak transplantatsiyasi, anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limlari tashkil etildi.
Tadbir qatnashchilari binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.