Qo‘y boqib, “Malibu” mingan cho‘pon
Sirliboy Suyarov bolaligidan Qo‘shrabot yaylovlarida qo‘y-qo‘zi boqib, katta bo‘lgan. Bugungi kunda u chorvachilikka ixtisoslashgan “Kuragan” fermer xo‘jaligining boshlig‘i.
- Har bir kasbning o‘ziga yarasha qiyinchiligi, zavqi bo‘ladi, - deydi u. - Bolaligimdan yaylovlarda qo‘y-qo‘zi boqib kelaman. Bundan 24 yil ilgari fermer xo‘jaligi tashkil etganmiz. Ishni 12 bosh qo‘y bilan boshlaganmiz. Ayni paytda qo‘y-qo‘zilarning soni ming boshdan oshdi. Cho‘pon bo‘lish uchun ham ilm kerak. Men avval bir yillik mexanizatorlik bilim yurtini, keyin Michurin nomli texnikumni, so‘ngra Samarqand qishloq xo‘jalik intitutini tamomlaganman.
Sirliboy Suyarov turmush o‘rtog‘i bilan birga 2 o‘g‘il va 5 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ularning barchasi oliy ma’lumotli. Ularning o‘qimishli bo‘lishida Sirliboy akaning mutolaaga bo‘lgan qiziqishi va u yaratgan mo‘’jazgina kutubxonaning alohida o‘rni bor.
Uyimda shaxsiy kutubxona tashkil etganman, - deydi Sirliboy aka. - Kitoblarimning 95 foizi ilmiy kitoblar. Farzandlarimning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratganman. Masalan, ularga Alisher Navoiyni faqat she’riyat mulkining sultonigina emas, balki siyosatchi, tadbirkor va dehqon ekanligini tushuntirganman.
Bugungi kunda qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash maqsadida kredit asosida qo‘y-qo‘zilar berilyapti. Shu masalada kimdir Sirliboy Suyarovga murojaat qilsa, u albatta sinovdan o‘tkazib, chorvachilik bilan shug‘ullanishni eplay oladigan yoshlargagina qo‘y-qo‘zi sotishi mumkin ekan.
Sirliboy aka rahbarlik qiladigan xo‘jalik asosan aholiga go‘sht yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. “Agar bu kabi xo‘jaliklar qancha ko‘p bo‘lsa, raqobat shakllanadi, mahsulot arzon bo‘ladi”, deydi.
Har qanday kasb egasi o‘z-o‘zidan mutaxassis bo‘lib qolmaydi. Uning muvaffaqiyatlari ortida ustozlari turadi. Sirliboy akaga, asosan, uning qo‘shnisi Mardi To‘ymurodov chorvachilik sirlarini o‘rgatgan. U ustozining o‘gitlarini olib, kam bo‘lmadi.
- Qo‘y-qo‘zi boqib, “Malibu” mashinasini sotib oldim, - deydi u. – Zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalariga ega bo‘ldim. Farzandlarimni uyli-joyli qildim. Ammo to‘ylarni dabdabali qilmadim. Qo‘yim ko‘p, deb so‘yib tashlayvermadim. Ayrimlarga o‘xshab, “Men sendan kammanmi?” qabilida ish ko‘rishni xushlamayman.
Sirliboy Suyarov nafaqat tumanda, balki viloyatda alohida o‘ringa ega chorvador, usta dehqon. Kelgusida u yangi qo‘tonlar qurib, xo‘jalik faoliyatini kengaytirish, qishloq yoshlari uchun yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan.
To‘lqin Siddiqov,
Jasurbek Shukurov,
Baxtiyor Mustanov.