“Yashil orol”dagi yomg‘irsevarlar makoniga sayohat

Nurobod tumanining olis cho‘li: bir tomoni Qizilqum cho‘li bilan, bir tomoni Muborak cho‘li va bir tomoni Qarnab cho‘li bilan tutash. Yozi jaziramasi-yu, qishi izg‘irin, muttasil uvillagan shamol esib turadigan bu manzilda biror giyoh undirish juda mahol yumush.

Ana shunday sharoitda o‘z tashabbusi bilan yashil hudud yaratayotgan bir chorvador haqida eshitib, u haqida maqola tayyorlash maqsadida o‘sha olis manzilga borishga qaror qildik. E’tiborimizni tortgan jihati, o‘sha chorvador yigit, o‘tgan yili o‘z kuchi bilan qariyb besh yuz gektar maydonda saksovul ekibdi. Bu yil ham o‘sha ishlarini davom ettirayotgan ekan.

Tan olish kerak, ba’zan erta ko‘klam hovlimizga ikkita cho‘p suqib qo‘yishga hafsala qilmay, keyingi yilga qoldiramiz. U bo‘lsa...

Safarimiz kuzning so‘ngi kunlariga to‘g‘ri keldi. Mayin yomg‘ir yog‘ib turar, mezbonlarning maxsus mashinasi eski bo‘lsa-da, loyli o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan, qir yonbag‘irlaridan ildam ketib borardi. Ba’zan tekis, ba’zan notekis yo‘llar, suv yig‘ilayotgan soyliklardan kechib ketardik. Yo‘lning esa oxiri ko‘rinay demasdi.

Toshli soy yo‘llaridan, ko‘lmaklardan chayqalib-chayqalib ketayotgan mashinadan xavotirlanib, “Biron joyda botib qolmaymizmi, qaytishimizgacha sel toshqini kelib qolmasmikan”, deb so‘rayman xavotirli ohangda mahalliy haydovchidan.

“Sel kelib qolsa, bir kun qolarsiz mehmon bo‘lib, cho‘pon otarlari keng”, deydi hazilomuz tabassum bilan haydovchi. Shu tob ko‘z oldimdan cho‘lning o‘rtasidagi chorvadorlar boshpanasida, atroflarda bo‘ri, shoqollar izg‘ib yuradigan g‘aribona qo‘nalg‘ada tong ottirish keldi...

Xayolimda Jek Londonning «Bir kunlik qo‘nalg‘a» asari voqeliklari gavdalandi. To‘g‘ri, bu yerlarda tun, Yukon daryosi bo‘yidagidek izg‘irinli, u qadar dahshatli bo‘lmasa-da, baribir cho‘l sharoiti... U yerda bir kecha – ming kechadek tuyulishi aniq. Xayolchan ketayotgan edik, sal nariroqda saksovullarni panalab ketayotgan yungdor bir narsa ko‘rindi. «Ana tulki», dedi hamrohim o‘sha tomonni ko‘rsatib. Yo‘limizda ungacha yumronqozig‘u, echkiemarlardan boshqa jonivor ko‘rinmayotgan edi.

– Bu atrofda bo‘rilar bo‘lmaydimi? Cho‘ponlarda miltiq bormi, bo‘rilardan qanday himoyalanadi? – so‘rayman haydovchi akadan.

– Bu joylarda tulki, shoqollar ko‘p, bo‘ri faqat qalin qor yoqqan paytlari bo‘lishi mumkin. Qaytishimizda kechga qolsak, balki shoqollarni ham ko‘rsatarman, – dedi hamrohim jilmayib va bu gap menga qanday ta’sir qilishini zimdan kuzatdi.

Cho‘l malikasi

Biz yo‘lda davom etardik, mashina oynasigacha sachrayotgan loylarga beparvo hamrohim xotirjam mashinani boshqarar, meni o‘sha olis hududga olib borishga, cho‘ponlarning chin hayoti bilan tanishtirishga astoydil kirishgan edi. Qirlarda bahorgi maysalar sarg‘ayib, kuzgi issiqdan qayta nish urgan shuvoqlar, do‘mpaygan saksovullar va yana qanaqadir o‘simliklar uchrardi. Shunda baland qirlar ustidan bir tekis haydalgan shudgor izi va unda ko‘klagan saksovullarga ko‘zimiz tushdi.

“Cho‘l malikasi” deya ta’riflanadigan saksovul – cho‘lning najot daraxti. Qurg‘oqchilikka moslashgan bu nabotot namunasi biyday sahroda bioxilma-xillikni saqlab-ta’minlab beradi. Garchi baland o‘smasa-da, uning tarvaqaylab ketadigan shox-shabbalari cho‘l o‘simliklari rivojlanishida, jonivorlarning chang-to‘zondan himoyalanishida panoh vazifasini o‘taydi.

Ma’lum bo‘lishicha, respublikamizning yarmidan ko‘prog‘i biz ketayotgandek, cho‘llardan iborat ekan. Ushbu cho‘l va yaylovlarning esa 40 foizida turli darajadagi yaylovlar degradatsiyasi yuzaga kelgan va ularning o‘rtacha hosildorligi 20-30 foizga kamaymoqda. Cho‘ldagi tabiiy yaylovlarni tubdan yaxshilashning asosiy vositalaridan biri esa tabiiy yovvoyi holda o‘sadigan saksovul buta o‘simligidir. U cho‘lning asosiy daraxti va shu bilan birga u cho‘l hududlarida ko‘chma qum bo‘ronlarni to‘xtatuvchi eng afzal o‘simliklardan biri bo‘lib, cho‘l va yarim cho‘l hududlarining ekologik va meliorativ holatini yaxshilaydi. Yaratilgan saksovulzorlar yaqin atrofdagi yaylov hududlarning mikroiqlimini yaxshilaydi, mahsuldorligini oshiradi va chorva mollarini kuchli shamol, chang, qishki qor bo‘ronlaridan himoya qilish bilan birga ular qorako‘l qo‘ylar va tuyalarning ozuqa manbai hisoblanadi. Qahramonimiz ham mana shularni maqsad qilib, cho‘lda “yashil qalqon” bunyod etayotgan bo‘lsa, ne ajab.

Xuddi shunday saksovulzorlar barpo etish orqali ko‘chma qumlar mustahkamlanadi, cho‘llanish jarayoni sekinlashadi, uning ta’sirida yer ustki qismida shamolning tezligi kamayadi, chang to‘zonlari bo‘lib havoga tuz va qum zarrachalarining ko‘tarilishi to‘xtaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 7 yoshli saksovulzorda shamol tezligi butunlay to‘xtaydi. Bir tup saksovul o‘simligi to‘rt tonna ko‘chuvchi qumni to‘xtata oladi. 1 gektar saksovulzor yil davomida 1 ming 135 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 835 kilogramm kislorod ajratadi. Bu esa havo tarkibini yaxshilaydi, atrof-muhit ifloslanishiga chek qo‘yiladi.

 

Yomg‘irsevarlar

Yo‘lda ketarkanmiz ora-chorada, bir-bir qo‘y-qo‘zilar ko‘rina boshladi. Hayron qolarlisi, ular hech bir qarovchisiz emin-erkin o‘tlab yurardi. Nihoyat, yana bir tepalik oshganimizdan so‘ng eshak mingan cho‘ponga ko‘zimiz tushdi. U bizga otarlar manzilini ko‘rsatdi.

 Sal nariroqda biz yo‘qlab kelayotgan chorvador G‘ulom Almatov bizni qarshi oldi va yaqin kelib, “Xush kelibsizlar, qadamlaringiz xayrli ekan, baraka keltirdingiz”, deya so‘rasha boshladi.

“O‘zimiz bilan yomg‘ir olib keldik, bu kishi mehmon”, deb tanishtirdi haydovchi akamiz. Ular yomg‘ir haqida qandaydir to‘lqinlanib gapirgani e’tiborimni tortdi.

Yaylovlarni yayov kezarkanmiz, chorvador akamiz so‘z boshladi:

– Sizga aytsam, cho‘ponlarni yo‘qlash uchun eng ajoyib vaqt, bu – yomg‘ir yog‘ayotgan payt. Biz chorvadorlarda “Yomg‘ir yog‘sa, cho‘pon uyqusida ham kulib uxlaydi”, degan gap bor. Ishonsangiz nigohlarimiz doim ko‘kka qadalgan. Doim osmondan baraka yomg‘iri tusharkanmi, deb kutamiz. Yomg‘ir yog‘sa, dashtlar ko‘klaydi. Chorva to‘q bo‘ladi. Rizqimiz shu ob-havoga, injiq tabiatga bog‘liq. Shuning uchun cho‘ponnikiga yomg‘ir payti borgan inson – eng aziz mehmon hisoblanadi.

Prezidentimiz tashabbusi bizga madad bo‘ldi

Yo‘lda biz ko‘rgan saksovullardan qilingan “yashil qalqon”ga yondosh hududlarda ikkita traktor ishlayotgan ekan. Besh-olti chog‘li kishi esa uning ortidan yerga urug‘ sochar, ish juda qizg‘in ketyapti.

– Xitoylik bir inson yolg‘iz o‘zi, cho‘lni obod qilganini ko‘rdim. Nega biz uddalay olmaymiz, deb aka-ukalar harakatga tushdik. Prezidentimizning yashil makon yaratish bo‘yicha tashabbuslari bizga madad bo‘ldi. O‘zimiz unib-o‘sgan shu cho‘lni obod qilishni, yashil belbog‘ yaratishni maqsad qildik. O‘rmon xo‘jaliklaridan saksovul urug‘i olib kelib, 500 gektar yerga avval traktorda yerni haydab, ko‘pchilik harakat qilib, bir oy davomida ekib bo‘ldik. Niyatimiz xolis ekan, bu yil bahor seryog‘in keldi. 90 foiz urug‘ ko‘kardi, hozir saksovul orasiga kavrak ekyapmiz, - deydi G‘ulom aka.

Chorva ortidan 20 sutkalab piyoda yurganmiz...

Otarlar atrofida yem-xashak g‘aramlari xuddi Misr piramidalari shaklida baland qilib, taxlab qo‘yilgan ekan.

- Chorva qishloviga hozirlik ko‘rib qo‘ydik. Xashak, yemishdan ko‘ngil to‘q, - deydi cho‘pon akamiz. - Qo‘ylarni kuniga ikki marta o‘tlatishga haydaymiz. Kunduz bir, kechasi bir.

 Mashinadan tushganimdan buyon yomg‘irdan junjikib pana izlaganimga xijolat tortdim. Axir cho‘ponlar bir ketishda shu havoda besh-olti soatlab ketar ekanda.

– 2022 yil bahor quruq kelib, qo‘ylarni Zomin tomonga haydagan edik. Ishonsangiz, shu ketishda dekabr oyi oxirida podani qaytardik. Piyoda yo‘l yurib, 20 kun deganda otarlarimizga yetib kelganmiz. Sovuq, jazirama degan narsalar biz, cho‘ponlar uchun ikkilamchi. Chorva bir kun joyida turib qolsa ta’siri seziladi, - deydi chorvador. - 13 yoshimda otamdan cho‘pon tayog‘ini olganman. Shunda bu kasbni o‘zimga taqdir qilganman. Ota-bobolarimiz shu kasbdan kun kechirgan. Biz aka-ukalar ham cho‘ponlikdan oila boqyapmiz.

Otarlarni ko‘zdan kechirarkanmiz, chorva to‘q, qorako‘l qo‘ylar terisi judayam bejirim edi.

Cho‘pon akamizning aytishicha, avvallari qorako‘l teriga talab katta bo‘lganidan, qo‘zichoqlar tug‘ilgandan so‘yilib, terisi olinar ekan. Hozir esa qo‘zichoqlarning 90 foizi o‘stirishga qoldirilar, faqatgina onasi kasal bo‘lganlarigina teriga topshirilar ekan.

Tevarak-atrofni, chorvalarni ko‘zdan kechirib, cho‘pon uyi yoniga keldik. Uy atrofidagi katta-katta bo‘ribosarlar bizga yotsirab qarab, sal bezovtalandi-yu, saldan keyin ko‘nikma hosil qildimi, indamay qoldi.

Cho‘ponning uyi men tasavvur etgandek g‘aribona emas ekan. Hartugul yonida “Kobalt” avtomobili turibdi, mashina ichiga bir nazar tashlash bilan unda qo‘y tashilishini bilish qiyin emas edi.

– Biz, cho‘ponlarga “Ferrari” mashinasi berilsa ham, unda qo‘y tashiyveramiz, bizlarga bu harakat - tirikchilik vositasi, - ta’rif berdi xijolatomuz bo‘lib G‘ulom aka.

Suhbat asnosida cho‘pon akamiz qo‘nalg‘asiga bir piyola choyga taklif etdi. Xushbo‘y nordon choy e’tiborimni tortdi. Aytishlaricha, bu saksovul barglaridan damlangan choy bo‘lib, cho‘ponlar doim shunaqa choy ichishar ekan. Bunday choy qon bosimini pasaytirib, odamga rohat bag‘ishlarkan. O‘zining xushbo‘y hidi bilan saksovul barglari zararli hasharotlarni haydash xususiyatiga ham ega.

Suhbat ancha davom etdi, otarlarni aylandik, qosh qoraya boshlagach, mezbon bizga bir kecha mehmon bo‘lishni taklif etsa-da, qaytishga chog‘landik. Baxtimizga yomg‘ir shashti sal pasaygan edi. Faqat ortga qaytadigan yo‘limiz xavfsiz bo‘lsin-da. Yo‘qsa...

Biz tavakkal qilib yo‘lga chiqdik. Kelishimizda sal g‘ashimizni keltirgan yomg‘ir, qaytar chog‘i o‘zgacha tuyuldi. Mashina oynasiga urilayotgan tomchilar, cho‘ldagi behisob hayvonot va nabotot olamiga hayot baxshida etishi qalbimizga taskin bag‘ishlardi.

 Shuhrat Normurodov.