Bugunning gapi: "Doimiy subsidiyalash orqali energetika bozorini rivojlantirib bo‘lmaydi"
Shu kunlarda ko‘pchilik joriy yilning 1 mayidan e’tiboran elektr energiya va tabiiy gazning iste’mol narxlari oshirilishi sabablari qiziqtirmoqda.
Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, joriy yilning 1 mayidan boshlab aholi uchun belgilangan elektr energiyasi tariflari belgilandi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy me’yor tizimi joriy etildi.
Xo‘sh, nima uchun narxlar oshdi?
Shu paytgacha elektr energiyasi va tabiiy gaz aholiga o‘z tannarxidan past qiymatda yetkazib berilgan. Bir yilda o‘rtacha 1,15 milliard dollar, ya’ni 14,5 trillion so‘m mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanib kelindi. Bu esa viloyatimizda o‘rtacha 50 milliard so‘mni tashkil etgan. Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 millionni, viloyatimizda esa 882 ming nafarni tashkil etadi.
Tan olish kerak, aholi uchun belgilangan 295 so‘mlik tarif boshqa davlatlar bilan solishtirganda 230 ta davlat ichida eng past tarifli 15 ta davlat qatorida turadi. Ya’ni, biznikiga nisbatan ham pastroq tarifga ega Butan, Iroq, Suriya, Sudan, Liviya, Efiopiya kabi davlatlar bor. Solishtirish uchun qo‘shni Qozog‘istonda oyiga o‘rtacha 300 kVt.soat elektr energiyasini ishlatuvchi xonadon har bir kVt.soat uchun o‘rtacha 790 so‘m to‘laydi. Ko‘rinib turibdiki, amaldagi tariflar haqiqiy tannarxni qoplamaydi va soha subsidiyalar evaziga faoliyat yuritmoqda. Subsidiya esa davlat byudjetidan energetika sohasida yangi ishlab chiqarish va uzatish quvvatlarini yaratish uchun beriladi. Subsidiyalar berilishi to‘xtatilsa, tarmoqlar yangilanmaydi, elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘paymaydi, uzilishlar soni va muddati kundan-kunga ortib boraveradi. Subsidiyalar esa asosan aholi tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasining amaldagi tariflari va haqiqiy tannarx o‘rtasidagi tafovutni qoplash uchun beriladi.
Narxlarni o‘zgartirishni taqozo qilayotgan asosiy sabab elektr energiyasi ishlab chiqarish, tabiiy gaz qazib chiqarish korxonalari va yetkazib berish tarmoqlarining eskirgani bilan bog‘liq. Ularni yangilash kerak. Shu bilan birga, issiqlik elektr stansiyalarida foydali ish koeffitsiyenti 25-35 foiz. Ya’ni, bu juda past ko‘rsatkich va mahsulot tannarxining oshishiga olib keladigan omillardan biri. Ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi yo‘qotilishlarning ko‘pligidan ham tannarx oshadi.
Elektr energiyasining amaldagi tariflari sohadagi xarajatlarning bor-yo‘g‘i 66 foizini qoplamoqda. Masalan, ishlab chiqarishdan yetkazib berishgacha 100 so‘m xarajat qilinsa, iste’molchidan 66 so‘mgina qaytarib olinmoqda. O‘rtadagi farq shartli subsidiya sifatida davlat tomonidan qoplab berilyapti. Tabiiy gazdagi ko‘rsatkich esa bundan ham yomonroq – 46 foizni tashkil qiladi. Bunda 100 so‘m xarajat qilinsa, 46 so‘mi qaytmoqda, qolganini davlat to‘lamoqda. Demak, tabiiy gazdan ko‘rilayotgan zarar ko‘proq bo‘lmoqda. Shuning uchun ijtimoiy me’yordan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi narxi 2 barobar, tabiiy gazniki 3 barobar baland bo‘ladi.
Iste’mol me’yori - bu chegara degani emas. Ya’ni, faqat ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan ajratilgan subsidiyaga chegara o‘rnatiladi. Aynan nima uchun elektr energiyasiga ijtimoiy me’yor 200 kVt soat qilib belgilandi? Chunki respublikamizdagi iste’molchilarning 80 foizi bir oyda 200 kVt soatgacha tok ishlatadi. Qolgan 20 foizi jami elektrning 70 foizini iste’mol qiladi. Bu yerda tengsizlik mavjud. Kam sonli aholi ko‘p miqdordagi elektrni iste’mol qilyapti. Bu davlat tomonidan berilayotgan subsidiyalarning noto‘g‘ri yetib borayotganini ko‘rsatib turibdi va subsidiyadan unga muhtoj bo‘lmagan odamlar ham foydalanmoqda.
Viloyatda elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar muammosi 2027-2030 yillargacha to‘liq hal etiladi. Tizimda eskirib ketganlik darajasi qariyb 40 foizni tashkil qiladi. O‘tgan yili ma’nan eskirgan 20 ming kilometrlik elektr havo tarmoqlari yangilandi. 400 dan ziyod eski transformatorlar almashdi. O‘tgan yili ajratilgan 50 milliard so‘m mablag‘ga sohaning 20 foizida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Shu mablag‘larga 12 ta podstansiya ta’mirlanib, yangilari qurilgan. Lekin baribir sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar nihoyatda ko‘p. Tizimdagi korxonalarga sarflab kelingan mablag‘lar sohani modernizatsiya qilishga yo‘naltirilsa, ancha ishni amalga oshirish mumkin. Qolaversa, subsidiyalashga berilgan mablag‘lar hisobidan ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, maktab, bog‘cha hamda tibbiyot muassasalarining ta’minotini yaxshilash mumkin bo‘ladi.
Demak, tarif narxlarining erkin bozor tamoyillari asosida isloh qilinishi nafaqat infratuzilmani modernizatsiya qilish, balki iste’mol madaniyatining shakllanishiga yo‘l ochadi. Har bir fuqaro o‘zi ishlatayotgan elektr energiyasi hisobini yuritib borsa, isrofgarchilikning oldi olinib, tejamkorlik ta’minlanadi.
Umid NAZAROV,
«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali direktori.