Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish eng ko‘p qayd etilgan uchta viloyat ma’lum qilindi
«O‘zenergoinspeksiya» ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 1 oyda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga 67 mlrd. 825 mln. so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.
Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorlikda may oyida o‘tkazgan nazorat tadbirlarida 971 holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari ma’lum bo‘lgan.
Bunda 39 mlrd. 332 mln. so‘mlik elektr energiyasi (46 mln. 264 ming kilovatt-soat) va 28 mlrd. 492 mln. so‘mlik tabiiy gaz (18 mln. 124 ming metr kub) talon-toroj qilinishi oqibatida davlat manfaatlariga jami 67 mlrd. 825. mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.