Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kuchli beshlik chempionatlarida eng ko‘p gol urish bo‘yicha Messi Ronalduga yetib oldi

Kecha tunda Ispaniya chempionatining navbatdagi 30- turida "Vilyareal"ga qarshi o‘yinda(4-4) to‘p kiritgan "Barselona"ning 31 yoshli hujumchisi Lionel Messi Yevropadagi Kuchli beshlik chempionatlarida ko‘p gol urish bo‘yicha "Yuventus" hujumchisi Krishtiano Ronalduga yetib oldi. Ularning ikkalasida ham 414 tadan gol bor.

Messi o‘zining barcha gollarini bir jamoa, "Barselona" tarkibida o‘ynab, faqat Ispaniya chempionati, La Liga doirasidagi o‘yinlarda urgan bo‘lsa, Ronaldu esa o‘zining gollarini 311 tasini La Ligada "Real" tarkibida o‘ynab, 84 ta golni APLda "Manchester Yunayted" tarkibida o‘ynab, 19 ta golni esa Italiya A seriyasida "Yuventus" tarkibida o‘ynab kiritgan.

Bundan keyin qaysi ko‘proq gol ursa o‘sha birinchi o‘rinda bo‘laveradi.

Shuningdek,  Messi La Ligada yana bir rekord ostonasida turibdi. Gap shundaki La-Liganing 29-turida "Barselona" "Espanol" ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu Messining La Ligada 334-g‘alabasi bo‘ldi va u bu ko‘rsatkichi bilan Realning afsonaviy darvozaboni Iker Kasilyasga yetib oldi. Kasilyasning hozir Portugaliya chempionatida o‘ynayotganini inobatga olsak Messining La Ligadagi navbatdagi g‘alabasi uni yakka peshqadam va rekorchiga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropadagi "Kuchli beshlik" chempionatlari deyilganda Angliya milliy birinchiligi APL, Ispaniya milliy birinchiligi La Liga, Italiya milliy birinchiligi A seriya, Fransiya milliy birinchiligi 1-divizion, Germaniya milliy birinchiligi Bundesliga nazarda tutiladi.