Maqsad aniq va ulug‘ bo‘lsa, insonga shijoat bag‘ishlaydi

Xalq maqsadsiz, davlat esa g‘oyasiz yashay olmaydi. Negaki, maqsad umrga zavq bag‘ishlaydi, intilishni o‘rgatadi, barcha imkoniyatlarga eshik ochadi. G‘oya esa jamiyatni birlashtiradi. Aql maqsadning realligini ta’minlaydi.

Odamlar islohotlar samarasiga qarab maqsadning hayotiyligiga ishona boshlaydilar. Chunki maqsad odamlar ehtiyojini qondirishga, o‘z hayotidan zavqlanishiga xizmat qiladi. Zero, Deni Didro ta’kidlaganidek, «Maqsad bo‘lmasa, hech narsa qilmaysan, maqsad juda kichik bo‘lsa, hech qanday buyuk ishni qila olmaysan». Livanlik faylasuf Amin Rayhoniy esa «Maqsading imkoniyatingdan ortiq bo‘lsin, shunda bugungi ishing kechagidan, ertasi bugungidan yaxshi bo‘ladi» degan. Zero, F.Nitsshening «Ojiz kishi o‘ziga maqsad, vazifa izlaydi, kuchli kishi esa ularni o‘zi yaratadi» degan ibratli iborasini barchamiz o‘qiganmiz.

Demoqchimanki, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘z hududida uchinchi Renessans davri uchun shart-sharoit yarata oladi, degan da’vatiga, aniqrog‘i, g‘oyasiga ana shu nuqtai nazardan yondashmoq lozim.

Yilning o‘tayotgan shiddatli onlari – har bir sohadagi hayotiy islohotlar va ularning xalq turmushida ko‘zga tashlanayotgan samaralari, davlatimizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi oshib borayotgani bu oliy maqsad shuurimizga tobora chuqurroq singib borayotganini ko‘rsatib turibdi.

Albatta, katta, ulug‘ maqsadlarga erishish oson emas. Darvoqe, eng osoni ham bu yo‘lda mashaqqat chekishga tayyor turishdir. Qolaversa, evrilishlar jarayoni bo‘yicha tajribamiz borligi dilga taskin va ishonch beradi.

Ikkala Uyg‘onish davrida aynan Movarounnahrda faoliyat ko‘rsatgan yoki sayohatga kelgan adiblar, elchilarning asarlarini o‘qisangiz, ularda bir xulosa ustun: bozorlarda to‘kinlik, ko‘chalar obod va suvlar tiniq, odamlarda qanoat, sharqona iffat, oriyat, ilmga intilish kuchli. Buni Abu Tohir Xojaning (X asr) fikri ham isbotlab turibdi: «Agar boylik istasang – Hindistonga bor, agar ilm istasang – Makkaga, agar har ikkisini istasang – Samarqandga bor».

Mahdumi A’zam hazratlarining Dehbeddagi qabri poyida musulmon davlatlarining turli yillarda yashagan o‘n besh nafar podshosi qo‘nim topgan. Chunki ular hayot paytlaridayoq mabodo vafot etsa, ana shu zaminga, ana shu ulug‘ insonlar qabri poyida dafn etishlarini vasiyat qilishgan.

Xo‘sh, o‘sha davrdayoq yer yuzining sayqali deb e’tirof etilgan bu qadimiy kentning ohanrabosi nimada edi?

Ma’lumotlarga qaraganda, viloyat hududida besh mingdan ortiq tarixiy obida mavjud. Shuning 2 mingtasi Samarqand shahrida joylashgan. Registon maydonida yillar davomida qurilgan uch madrasa buyuk aql-idrok, muhandislik namunasi sifatida hamon jahon ahlini hayratga solib kelmoqda. Mazkur majmua hozirda obida sanaladi, o‘z vaqtida esa u yuksak fazilatlar, ma’rifat, ilm markazi sifatida shuhrat topgan.

Ana shu ma’rifat Imom Buxoriyni, Alisher Navoiyni shu zaminga chorlagan. Imom Buxoriy ilmiy-ma’rifiy markazi nashriyoti 2007 yilda “O‘rta Osiyo olimlari qomusi” kitobini chop etldi. Unda VIII-XIX asrlarda shu mintaqada yashab ijod qilgan 2700 nafar olimu ulamo haqida ma’lumot keltirilgan. Shu nashriyotning “Samarqand allomalari” (2017 yil) nomli kitobida esa Samarqandda faoliyat ko‘rsatgan 113 allomaning tarjimai holi bilan tanishish mumkin. Tadqiqotchi Komilxon Kattayev yaqinda Oqdaryo hududida Rennesanslar davrida o‘ndan ortiq taniqli imomlar yashab o‘tganligini aniqladi. Chokardiza va Shohi Zindada yotgan 45 ming nafardan ortiq aziz avliyolar xoki bizga ajdodlarimiz nechog‘lik buyuk tafakkur egasi bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi.

Muhimi shundaki, bu jarayon yillar silsilasida to‘xtagan emas. Garchi avval chor Rossiyasi, keyin qizil imperiya bosqinchilik orqali milliy qadriyatlar, ma’rifat tomirlariga bolta urgan bo‘lsa-da, qonimizdagi tafakkur o‘lgan emas. Bastakor va hofiz Hoji Abdulaziz, Namoz botir va jadidlar, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh, Islom shoir azaliy an’analar davomchisi sifatida elga tanildi. Undan keyin Samarqand davlat universiteti ma’rifatning chinakam maskaniga aylandi.

Bunday ulug‘vorlikni O‘zbekistonning har bir viloyat va shahrida ko‘rish mumkin. E’tibor bering, keyingi 3-4 yil ichida qanchadan-qancha ko‘hna ma’rifat maskanlari qayta tiklandi, qancha ijod maktablari ochildi. Bu e’tibor va e’tirofgina emas, bu katta qudrat va jasorat ham.

Nazarimda, ana shu ulug‘vorlik va uzilmas silsila davlatimiz rahbariga ishonch, kuch-qudrat va jasorat baxsh etdi. Ana shu teran tomirlar fidoyi yuraklardan suv ichib, yana barg chiqara boshladi. Prezident xalqimizda o‘z ajdodlariga nisbatan hurmat uyg‘otish barobarida bu bunyodkor elni ana shu tarixiy jasoratlarni takrorlash mumkinligiga ishontira olyapti.

Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: biz bu ulug‘ maqsadga qaysi yo‘l bilan erishamiz? Chunki endi davr boshqa, sharoit o‘zgacha.

Davlatimiz rahbarining Parlamentga uchta murojaati, umumxalq muhokamasidan so‘ng qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va yil dasturlari bilan tanishgan, ularning mohiyatini anglagan har bir kishi bu savolga aniq javob oladi.

Renessansning asosiy vazifasi – insonni hayotning yangi bosqichiga olib chiqish. Demak, bir mamlakatdagi muhit butun dunyoga ta’sir etmog‘i lozim.

Renessansning asosiy talabi – insonning erkin yashashi, ijod qilishi uchun shart-sharoit yaratish. Ezgu so‘z, ezgu harakatning qadrlanishi.

Bugun davlat siyosati ana shu maqsadga qaratilganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ularni sanab o‘tirishga hojat yo‘q.

Hayotning achchiq sabog‘i shunday: kimki o‘zi uchun aniq, ulug‘vor maqsad qo‘yib yashamas ekan, u birovning maqsadi amalga oshishiga xizmat qilishga majbur. Faxrim shuki, xalqimiz asrlar davomida bu haqiqatni anglab yashagan. Shu sababli tarixda dunyoni o‘zgartirib yuborgan ikkita Uyg‘onish davrining yalovbardoriga aylangan. Umidim va ishonchim shuki, bu bunyodkor el uchinchi jasoratga ham qodir. Binobarin, oqqan daryo oqaveradi.

Farmon TOShEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.