Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Meteorit, meteor, asteroid va kometaning bir – biridan farqi nimada?

Ilm-fan mavzusining adabiyot, kino, komiks kabi sohalarda ommalashuvi sababli bizning so‘zlashuv nutqimizga koinot atamalari  tobora keng kirib kelmokda. Shu bilan birga ayrim fazo hodisalari va jismlari ongimizda sinonim so‘zlar kabi qabul qilinmoqda, garchi aslida bu atamalar sinonim hisoblanmasada. Meteoritlar, meteorlar, kometalar va asteroidlar bir-biridan qanday farq qilishini va yana bu terminlarga nisbatan olimlar yana qanday jihatlarni qullashlariga aniqlik kiritamiz.

Meteorit nima?

«Meteorit» so‘zi yunonchadan olingan bo‘lib «havoga ko‘tarilgan» tarjimasini beradi. Roskosmosning koinot atamalari lug‘atiga ko‘ra, meteorit – bu koinotdan yerga qulagan jismning – meteoroidning  atmosferada oxirigacha yonib ketmagan qoldig‘idir. Yer atmosferasiga  kirgach, meteoroid harorati bir necha ming darajagacha ko‘tariladi, bu holat o‘z navbatida, fazo jismining maydalanib parchalanishiga olib kelishi mumkin. Sayyoramizning atmosferasi meteoroidning tezligini keskin pasaytiradi, ammo shunga qaramasdan meteorit (meteoroidning parchasi meteorit) yer qobig‘ida yirik krater va jarliklar hosil qilishga muvaffaq bo‘ladi. Butun yer shari bo‘ylab har xil vaqtda diametri 200 metrdan 100 km.gacha bo‘lgan kraterlar aniqlangan.

Olimlar ayrim meteoritlarni «vatanini» aniqlash imkoniga ega. Masalan, Yerda kelib chiqishi Marsga va Oyga daxldor bo‘lgan meteoritlar aniqlangan. Katta ehtimolga ko‘ra ayrim meteoritlar nafaqat Quyosh tizimi, balki boshqa koinot tizimidagi sayyoralarning bo‘lagi parchasi bo‘lishi mumkin, ammo bu ilmiy nazariya o‘z ilmiy isbotini topmagan. Shuningdek, meteoritlarni nafaqat Yer yuzasida, balki atmosferasi mavjud boshqa sayyoralarda ham aniqlash mumkin.  

Astronomlar meteoritlarni kimyoviy tarkibiga ko‘ra bir necha turga ajratishadi.  Birinchi tur – temirli. Ular 85% temirdan va 12% nikeldan tashkil topgan. Bu turdagi meteoritlarning hissasi Yer yuzida topilgan meteoritlar ichida 5,7% ni tashkil etadi, ularning yuzasi regmagliptlar – o‘ziga xos chuqurchalar bilan qoplangan bo‘ladi.

Ikkinchi tur – temir-toshli, temir va toshli meteoritlarning o‘timlisi hisoblanadi. Ularning tarkibida nikel temiri va silikat deyarli teng miqdorda mavjud. Umumiy meteoritlar topilmalari massasi ichida ularning hissasi 1,5% ni tashkil etadi.

Uchinchi tur meteoritlar – toshli, ular sayyoramizda topilgan meteoritlar ichida mutlaqo ko‘p sonni tashkil qiladi, 92,8%.  Bu meteoritlar kremniy, magniy, kalsiy, temir, alyumin va boshqa kimyoviy unsurlardan tashkil topgan.  90% dan ortiq toshli meteoritlarning tarkibida xondr – deb ataluvchi millimetrli yumaloq silikatli donachalar mavjud. Tarkibida xondr mavjud bo‘lgan meteoritlarni xondrit – deb atashadi, tarkibida xondr aniqlanmaganlarini esa, axondrit – deb atashadi.  

Meteor nima?

«Meteor» so‘zi ham, «meteorit» so‘zi ham yunoncha bir xil ma’noga ega –«havoda muallaq turuvchi» yoki «havoga ko‘tarilgan». Ayrimlar bu so‘zlarni sinonim deb hisoblashadi, lekin bu noto‘g‘ri. Meteor yerga qulagan fazoviy jism ma’nosini emas, balki mayda meteoroidlarning atmosferada alangalanishi, ya’ni hodisaning o‘zini anglatadi. Shu bilan birga meteoroid bilan kelgusida nima sodir bo‘lgani ahamiyatga ega emas: u meteroitga aylanib yerga quladimi, yer atmosferasini tark etib ortiga qaytib uchib ketdimi yoki yer atmosferasida butunlay yonib ketdimi – har qanday holatda ham u qoldirgan iz meteor deb nomlanadi. Tarixiy fanda atmosferada sodir bo‘layotgan har qanday samoviy hodisalar meteorlar deb atalgan. Hozirgi kunda bu hodisalarni meteorologiya fani o‘rganadi, shu bilan birga hozirgi zamon tushunchasida meteorlarni meteoretika  o‘rganadi.    

Meteorlar meteor oqimlar deb nomlanuvchi guruhlarga guruhlanishlari mumkin –  muntazam bir vaqtda osmonning doimiy bir xil qismida paydo bo‘luvchi meteorlarning doimiy massasidir. Ular Quyosh tizimining ichki qismidan o‘tar chog‘ida, erish jarayonida yemirilgan kometalardan hosil bo‘lishadi. Meteor oqimlardan ko‘proq mashhurlari Perseidlar (har yili avgust oyida Persey yulduzlar turkumi atrofida paydo bo‘ladi),  Leonidlar (noyabr oyi o‘rtalari, Arslon yulduzlar turkumi) va Kvadrantidlar (dekabr oxiri – yanvarning boshi, Volopas yulduzlar turkumi).

Asteroid nima?

«Asteroid» atamasi qadimiy yunon tilidan «yulduzlar kabi» ma’nosini anglatadi, 2006 yildan so‘ng u keng ommalashdi va «mitti sayyora» tushunchasining o‘rnini egalladi. Quyosh orbitasida aylanuvchi nisbatan kichik bo‘lgan osmon jismlari Asteroidlar deb ataladi. Odatda ular bir xil shaklga ega emaslar, ularning diametri esa 1500 km.dan oshmaydi. Shu bilan birga asteroidning minimal diametri 30 m.dan kam bo‘lmasligi kerak: kichik hajmdagi osmon jismlari meteoroidlar deb ataladi.  Hajm va og‘irlik jihatidan asteroidlar Quyosh sistemasidagi sayyoralardan ancha kichik bo‘lishadi, shuningdek ularda o‘zlarining atmosferasi mavjud emas, ammo ularda yo‘ldoshlar bo‘lishi mumkin.

Taxminlarga ko‘ra, Quyosh tizimida diametri 1 km.dan ortiq bo‘lgan 1,1-1,9 mln. dona jism mavjud. Biroq Smitsonov astrofizika observatoriya markazining (MRS)  ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunga qadar kuzatuvlar natijasida 794 832 ta asteroid aniqlangan. Quyosh tizimining eng yirik asteroidi ilgari diametri 933 km.li Serera hisoblanardi, biroq 2006 yildan boshlab u mitti sayyora maqomiga ega bo‘ldi. Boshqa yirik asteroidlar Pallada (diametr 524 km), Vesta (520 km) va Yunona (133 km). Vesta – maxsus texnikasiz kuzatsa bo‘ladigan asteroidlar turkumidagi yagona jism. 

Eng boshida asteroidlarga qadimgi yunon va qadimgi rim mifologiyasi qahramonlari ismlari berilardi, keyinchalik noodatiy orbitaga ega asteroidlar qahramonlar nomini ola boshlashdi, eng so‘ngida esa asteroidlarni xohlaganday nomlashga ruxsat berildi. Hozirgi kunda asteroidlarga rasmiy nomni Mitti sayyoralar nomenklaturasi bo‘yicha Qumita beradi.  

Kometa nima?

 Nomlanishi qadimiy yunonchadan «yungli», «sermuy» ma’nosini beradi. Asteroidlar kabi kometalar ham Quyosh atrofida aylanishadi, biroq ular qattiq cho‘zilgan konus shakliga ega. Asteroiddan yana bir farqi shundaki, kometa Quyoshga yaqinlashgan sari boshga o‘xshash  (chang va gazdan iborat) bulut   va dum (shuningdek chang va gazdan iborat) hosil qiladi.

Kometalar kichik yadrodan – kichik muzli jismdan hosil bo‘ladi, ularning o‘lchami bir necha o‘n kilometrgacha yetishi mumkin. Aksariyat kometa yadrolari Quyosh tizimining chekkasida joylashgan, biroq olimlar ularning ayrimlari bizlarga yulduzlararo bo‘shliqdan kelib qolishgan degan farazni ham rad etishmaydilar. Kometa yadrosi qanaqadir sababga ko‘ra tizimning markaziga qarab harakatlana boshlasa, u qiziy boshlaydi va uning muzlari sekin bug‘lanadi, shu tufayli u kometaning boshini va dumini hosil qiladi.

Kometa qisqa davrli va uzoq davrli bo‘lishi mumkin.  Birinchi holatda Quyosh tizimining markaziga kelgan kometa yirik sayyoralarning gravitatsion ta’siriga tushadi, shu sababli Quyosh sistemasining ichki qismida qoladi va Quyosh atrofida taxminan har 200 yil davriylik mobaynida aylanadi. Quyoshga bir necha karra yaqinlashgani sababli kometa sekin-asta yemirila boshlaydi. Uzoq davrli kometalar sayyoralarning gravitatsion tortish kuchi ta’siriga tushishmaydi va orbita bo‘yicha o‘zlarining deyarli boshlang‘ich nuqtasiga qaytishadi, biroq u yerda qolishmaydi, aksincha yana Quyoshga yaqinlasha boshlashadi. Bunday kometalarning aylanish davri bir necha million yilga teng bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar 4106 ta kometa aniqlangan.  Ilgari kometalarga ularni kashf qilingan yiliga qarab nom berilardi, biroq ingliz astronomi Edmund Galley 1531, 1607 va 1682 yilgi  kometalar hammasi bitta osmon jismi ekanligini isbotlaganidan so‘ng va uning yana 1759 yilda paydo bo‘lishini bashorat qilganidan so‘ng, ushbu kometa Galleya nomi bilan atala boshlandi. XX – asr boshida ko‘plab yangi kometalar kashf etila boshlandi, shu bilan birga ularga nom berish qoidalari ham bir muncha o‘zgardi. Bugungi kunda ular quyidagi tartib asosida nomlanadi: kashf qilingan yili, kometa kashf qilingan oyning yarmini anglatuvchi harf va o‘sha oyning yarmida kashf qilinganligining raqami. Masalan, 2019 yil yanvarining ikkinchi yarmida kashf qilingan, ikkinchi kometa, 2019 V2 nomini oldi.

Bekzod Musurmonov tarjimasi.

(“AiF”dan olindi.)