Qiyinchilikdan quroqchilik qutqardi

Yosh bo‘lishimga qaramasdan hayot qiyinchiligining ko‘pini ko‘rib qo‘ydim. Maktabni bitirib, o‘qishga hujjat topshirdim, ammo 4 ball yetmay qoldi.
Taqdirga, qishloqning yozilmagan qoidalariga bo‘ysunib, turmushga chiqishga majbur bo‘ldim. Boshida hayotimiz yaxshi edi. Keyin juda ko‘p muammolar tug‘ildi. Hammasiga chidab, ko‘nib yashadim. Lekin baribir turmushim o‘xshamadi.
Ota uyimga qaytib keldim. Avvalgidek bo‘lmas ekan. Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari, deydi-ku. Ota-onamga og‘irligimni solgim kelmasdi.
Ikki nafar o‘g‘lim bor. Ko‘chaga chiksak, bola-da, mashinaga qiziqadi. Har safar o‘yinchoq obering, deganda olib berolmaganimdan ich-ichimdan ezilganman. O‘zimdan xafa bo‘lib ketganman. Ishsizlik, ham ota, ham ona bo‘lib farzandlarni tarbiyalash va boshqa hayotiy qiyinchiliklar...
Kunlarning birida, taksida xayol surib, hech narsaga e’tibor bermay ketayotgan ekanman. Yonimda o‘tirgan ayol, nega bu holatda ekanligimni so‘ragan. Hammadan sir saqlab kelayotgan muammolarimni, bor dardimni shu opaga aytib berganman. U kishi ismi Rahima ekanligini, quroqchilik bilan shug‘ullanishini, istasam, meni shogirdlikka olishini aytib, uyiga taklif qildi.
Bir kuni vaqt ajratib ularnikiga bordim. Opa meni quroq kashtalar bilan bezatilgan xonada kutib oldi. Bu yerdagi manzarani ko‘rib, bir muddatga bo‘lsayam boshimda aylanib yotgan muammolarni unutganday bo‘ldim. Shogirdlikka tushishga qaror qildim.
Bugun Rahima opaning qo‘ligul shogirdlari safidan joy egalladim.
Mening qahramonim, bu - ustozim Rahima opam. Har taraflama, ham ruhiy, ham moddiy qiyinchiliklardan chiqib ketishimga sababchi bo‘ldi.
Quroqchi hunarmand sifatida turli ko‘rgazma va festivallarda qatnashyapman. Quroq kashta mahsulotlari bir paytlar turmushga chiqayotgan har bir qizning sepiga solingan. Bugungi kunda ham milliyligimizni qadrlaydiganlar yo‘q emas. Asosan, men tikayotgan mahsulotlarning xaridorlari xorijliklar. Ular qo‘l mehnatini juda qadrlaydi.
Quroqchilik bilan shig‘ullanib, kam bo‘lmadim. Oyiga o‘rtacha 4-5 million so‘m daromad topaman. Shukrki, bugun farzandlarim istagan o‘yinchoqni olib berishga qurbim yetyapti. Eng yaxshi bog‘chalarning birida tarbiyalanyapti.
Kelgusida ustozim kabi mahoratli hunarmand bo‘lib, milliy quroqchiligimiz dong‘ini butun dunyoga yoyish uchun munosib qo‘shishni maqsad qilganman.
Durdona Fayzullayeva,
Ishtixon tumani.