Sifatli davlat xizmati inson va jamiyat ishonchi hamda taraqqiyotning asosiy mezoni

Samarqand davlat xizmati, samarali va xalqchil davlat boshqaruvi bo‘yicha global muloqot maydoniga aylandi. 23-25 iyun kunlari bu yerda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti Davlat xizmati forumi (UN Public Service Forum 2025) yuqori darajada o‘tkazildi.
Forumda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan kelgan 400 dan ziyod yuqori lavozimli davlat xizmatchilari, akademiklar, ekspertlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Xo‘sh, forum uchun nega O‘zbekiston tanlandi?
Bugungi kunda yurtimizda davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, davlat xizmatini modernizatsiyalash, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarida islohotlar olib borilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 37-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi belgilab qo‘yilgan. Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar, 2022 yilda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Islohotlar jarayonida “Raqamli hukumat” idoralararo integratsiya platformasi 49 ta davlat organining 390 dan ortiq veb-xizmatlarini amalga oshirmoqda, ularga har kuni 216 dan ortiq axborot tizimlari ulanmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari 760 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi. 208 ta Davlat xizmatlari markazi tarmog‘i respublika bo‘ylab fuqarolarga turli xizmatlardan foydalanish imkonini bermoqda.
2024 yilda O‘zbekiston birinchi marta Elektron hukumatni rivojlantirish reytingining «juda yuqori» darajasiga ega mamlakatlar guruhiga kirdi va GovTech yetuklik indeksida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, «A» toifaga kirdi.
Mazkur forum arafasida, 19 iyun kuni Prezidentimiz “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi va unda davlat fuqarolik xizmatini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari, davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini joriy etish, sohani tubdan isloh qilish, davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish va raqamlashtirish, davlat xizmatining imijini yaxshilash hamda davlat xizmatchilari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va tashkiliy chora-tadbirlar belgilab berildi.
Endi forumning ayrim tafsilotlari va xulosalariga e’tibor qaratsak.
Avvalo, forum davlat boshqaruvi endilikda raqamli, inklyuziv, insonparvar va barqaror bo‘lishi kerakligini global jamoatchilikka yana bir bor eslatdi. 2022–2024 yillar oralig‘ida elektron hukumatni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishgan bir qator davlatlar BMT tomonidan taqdirlandi. Jumladan, mamlakatimizning “Elektron hukumat” sohasidagi yutuqlari e’tirof etildi va rag‘batlantirildi.
Forum ishtirokchisi va davlat xizmatchisi sifatida shuni aytishim mumkinki, mazkur tadbir xulosa va natijalari, birinchidan, davlat xizmati va samarali davlat boshqaruviga oid yangi maqsad va marralar, imkoniyatlar ochib beradi.
Ikkinchidan, bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, samarali va xalqchil davlat mexanizmlarini joriy etish, xalq bilan muloqot, davlat xizmatini transformatsiyalash borasidagi islohotlar yanada jadallashtiriladi.
Uchinchidan, davlat xizmatlarini «Mahalla - tuman (shahar) – viloyat – respublika» tizimi orqali eng chekka hududlargacha qamrab olish, xalqchil innovatsion va raqamli yechimlarni joriy etish, aholi uchun xizmat sifati va tezkorligini oshirishga doir usul va vositalarni ishlab chiqishga turtki beradi. Shuningdek, «Sifatli davlat xizmati — inson va jamiyat ishonchi ekanligi, inson va jamiyat ishonchi taraqqiyotning asosiy mezoni» ekanligiga e’tibor qaratiladi.
To‘rtinchidan, davlat boshqaruvida nomarkazlashtirishga e’tibor qaratish, davlat xizmatida insonga yo‘naltirilgan boshqaruv tamoyilini tatbiq etish, davlat xizmatlarining har kimga, har joyda va har doim ochiq bo‘lishi, ya’ni «Mahalla - hokimlik», «Fuqaro – faol davlat xizmatchisi», «Rahbar – davlat xizmatchisi» va «Fuqaro - elektron hukumat» tamoyillari asosida quyi, o‘rta va yuqori bo‘g‘in davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish imkoniyatlari eshigini ochadi.
Oltinchidan, «Davlat xizmati – xususiy sektor — fuqarolik jamiyati institutlari» tamoyili asosida soha va tarmoqlarning xizmatlar integratsiyasi samaradorligini oshirish, ochiq va hisobdorlik mexanizmlarini joriy etishga sharoit yaratadi.
Yettinchidan, mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda inklyuzivlik, korporativ boshqaruv andozalarini tatbiq etish, iqtisodiyotni rivojlantirishning resurslarni tejaydigan va ekologik toza modeliga o‘tish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Behzod RAHMATULLAYeV,
viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.