Noumidlik iskanjasida: G‘azoda minglab odamlar ochlik va kasallikdan halok bo‘lmoqda. Isroil nimani ko‘zlayapti?

Ikki million aholiga ega G‘azo sektori Isroil tomonidan joriy qilingan blokada tufayli tashqi dunyodan uzilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ularning kamida to‘rtdan biri hozirgi paytda ochlik va og‘ir kasallik tufayli halok bo‘lish yoqasida turibdi.
Garchi Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) insonparvarlik yordamining ayrim turlariga ruxsat bergan bo‘lsa-da, yetkazib berish uncha katta emas — ikki millionlik aholi ehtiyojini qondirish uchun yetmaydi. Hududda toza ichimlik suvi va dori-darmon kam, talon-toroj va zo‘ravonlik avj olgan. Hatto eng oddiy oziq-ovqat mahsulotlarini ham faqat qora bozorda — juda qimmat narxda xarid qilish mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda otashkesim e’lon qilinishi haqida bayonot bergan bo‘lsa-da, Isroil harbiy amaliyotni kengaytirdi va «o‘nlab terrorist hamda yuzlab infratuzilma ob’yektlarini yo‘q qilingani»ni ma’lum qildi.
Noumidlik «bozori»
Keng ko‘lamli ochlik va tarqalgan epidemiyalar sabab, shaharlarda qurollangan guruhlar paydo bo‘ldi. Ular tinch aholidan oxirgi oziq-ovqat va dorilarni tortib olmoqda.
BMTning bolalarga yordam ko‘rsatuvchi tashkiloti — YuNISEF ma’lum qilishicha, har kuni kamida 100 nafar bola va o‘smir oziq-ovqat yetishmasligi va bombardimonlik oqibatida halok bo‘lyapti. Bir yil avval Yevropa Ittifoqi va AQShning bosimi ostida Isroil hukumati cheklovlarni biroz yengillashtirdi. Lekin shundan so‘ng ham faqat bir nechta gumanitar yuk mashinasi G‘azoga kiritildi, xolos. Ular ham manziliga yetmasidan, yo‘ldayoq marodyorlar tomonidan talandi. Isroil hukumati esa karvonlarni himoya qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish taklifini rad etadi. Boshqa manbalarga ko‘ra, yordam yuklarining katta qismi g‘orat qilinayotgan va keyin qora bozorlarda yuqori narxlarda qayta sotilayotgan ekan.
Isroil harbiy amaliyoti va qurbonlar
Isroil blokadani e’lon qildi va bu HAMASning AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff taklif qilgan tinchlik rejasini qabul qilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu ikki oylik otishmalar to‘xtashi davrining tugashi bilan ham mos tushdi. 2024 yil mayda Isroil mudofaa armiyasi «Gideon aravasi» nomli operatsiyani boshladi. Operatsiyadan maqsad — HAMAS jangchilarini butunlay yo‘q qilish va G‘azo sektorida to‘liq nazorat o‘rnatish. Bundan bir oy o‘tar-o‘tmas G‘azoda halok bo‘lganlar soni 55 ming nafardan oshdi, 140 dan ortiq ob’yekt bombardimon qilindi.
Vayronalar ostidagi terror
HAMAS o‘z bayonotlarida blokada tufayli yuzaga kelgan qurbonlar uchun butun javobgarlikni Isroilga yuklamoqda. Biroq tashkilotning o‘zi avvalroq insonparvarlik yordam yuklarini talon-toroj qilgani fosh etilgan. Bundan tashqari, HAMAS Isroilga «agar blokada bekor qilinmasa, ular o‘nlab yahudiy garovdagi shaxslarni qatl qilishi»ni aytib tahdid qilmoqda. Isroil blokadani bekor qilish evaziga tinch aholini ozod etishni taklif qilsa, HAMAS barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilmoqda. Tomonlar tinchlikka yaqinlashgani haqida hozircha aytib bo‘lmaydi.
Boshqa davlatlar va xalqaro bosim
Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroilga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi. Ular Isroilning gumanitar yordamni ta’minlashdagi harakatsizligini xalqaro huquqni buzish sifatida baholamoqda. «Isroil hukumati fuqarolarga zarur yordamni taqdim etishdan bosh tortgani — xalqaro insonparvarlik huquqi buzilishi bo‘lishi mumkin. Biz, shubhasiz, zarur choralar ko‘ramiz, jumladan maqsadli sanksiyalar ham qo‘llaymiz», deyiladi Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada hukumatlari qo‘shma bayonotida.
AQSh hukumati vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish harakatida. 7 iyul kuni Binyamin Netanyaxu AQShga tashrif buyurishni rejalashtirgan. Donald Tramp bilan bo‘ladigan shaxsiy uchrashuvda G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish masalasi muhokama qilinishi kerak.
Insonlarni qutqarishga tayyor emas
Yopiq chegaralar vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Hech qaysi arab mamlakati muhojirlarni qabul qilishni istamaydi. Ular Isroilni qoralaydi, lekin tinch aholini qutqarishda qatnashishga tayyor emas. Faqat Iordaniya AQSh bilan kelishib, 2 ming bolani qabul qildi. HAMAS insonparvarlik vaziyatni nazorat qilish qobiliyatiga ega emas, deydi tahlilchilar. Isroil esa har bir vaziyatdan HAMASga zarba berish uchun foydalanmoqda. Odamlar esa noinsoniy hayot kechirib, omon qolmoqda, yashamoqda, dunyodan o‘tmoqda.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.