Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mushkul ahvolga tushgan migrant “Labor - migration” dasturi orqali murojaat qilishi mumkin

Toyloq tumanida O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan Prezidentining 2019 yil 20 avgustdaga “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir uyushtirildi.

Unda farmonga ko‘ra, fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish, huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash haqida fikr-mulohazalar almashindi.

- Mazkur huquqiy hujjatda xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq transport va boshqa xarajatlarni qoplash hamda zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun mehnat migrantlariga moliyaviy yordam ko‘rsatish kabi hayotiy masalalar qamrab olingan, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali bosh mutaxassisi Normamat Bahromov. – Shuningdek, endilikda chet elda mushkul ahvolga tushib qolgan va yordamga muhtoj mehnat migrantlari masofaviy murojaat qilishlari mumkin. Mazkur ishlar yagona milliy mehnat tizimi doirasida, ya’ni “Labor - migration” dasturi orqali amalga oshiriladi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan uchrashuvda viloyat bandlik bosh boshqarmasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyati kengashi vakillari, deputatlar va partiya faollari ishtirok etdi.

Baxtigul QARShIYeVA.