Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Hayot kurashida yengilmang

Ular mening imkonsizligimni ko‘rishadi, men o‘zimning qobiliyatimni ko‘raman. Ular meni imkoniyati cheklangan deb bilishadi, men o‘zimni o‘zgacha qobiliyatli deb bilaman. 

Ba’zan hayotimizda noxush hodisalar yuz beradi. Bu hodisalar bizni o‘zgartirib yuboradi, ammo ular darajamizni eng baland cho‘qqiga olib chiqadi. Xuddi shunday hodisa mening hayotimda ham ro‘y berdi.

18 yoshda edim. Dadam turmushga chiqishimni xohladi. Agar bu sizni xursand qilsa, roziman, dedim.

Turmushimiz baxtli kechmadi. Oila qurganimizga ikki yil bo‘lganda avtohalokatga uchradik. Erim rulda uxlab qoldi va mashina ariqqa tushib ketdi. U mashinadan sakrab tushishga muvaffaq bo‘ldi. U uchun xursandman. Ammo men mashinada qolib ketib, og‘ir jarohat oldim.

Ro‘yxat anchayin uzun. Qo‘rqmang: bilak suyagim singan, yelka suyagi va umrov suyaklari darz ketgan, butun ko‘krak qafasim singan. Shu jarohat tufayli o‘pka va jigarim qattiq shikastlangan edi. Nafas olishda qiynalardim. Umurtqamdagi uchta mayda suyakchalar butunlay zararlangandi. Nihoyat, kasalxonaga yotqizishdi va ikki yarim oy u yerda bo‘ldim. Bir necha jarrohlikni boshdan o‘tkazdim.

 Bir kuni doktor oldimga keldi-da “Xo‘sh, rassom bo‘lmoqchiligingni eshitdim, ammo menda sen uchun yomon bir yangilik bor. Boshqa rasm chiza olmaysan, chunki bilaging va qo‘ling og‘ir jarohatlangan», dedi. Ertasi kuni esa u “Sening umurtqa jarohating juda ham yomon, boshqa yura olmaysan. Bu tufayli farzand ko‘ra olmaysan”, deb ketdi.

O‘sha kuni men tamom bo‘lgan edim. Shu damdan boshlab bu hayotda nega yashayotganim haqida o‘ylay boshladim. Oyim menga dalda berib “Bu kunlar o‘tib ketadi, Allohning senga atalgan biror tuhfasi bor. U nima ekanini bilmayman, ammo, albatta bor”, derdi.

Bir kuni akalarimga «Bilaman, jarohatlanganman, ammo kasalxona devorlariga qarab yotishdan charchadim. Hayotimga ko‘proq rang qo‘shishni xohlayman, nimadir qilishni istayman. Ozroq rang mato keltiringlar, rasm chizishni xohlayman», dedim.

Keyin, kasalxonadan chiqdim va uyga qaytib bordim. Uyga borganimda angladimki, siqilish tufayli orqamda ko‘plab jarohatlarni rivojlantiribman, o‘tira olmas edim. Tanamda ko‘plab infeksiyalar bor edi. Shu sababli, doktor  to‘shakda to‘g‘ri holatda yotishimni aytdi. Olti oy emas, bir yil emas, ikki yil.

To‘shakka mixlanib qolgan edim. Bir xonada, derazadan tashqariga qarab, qushlarning sayrashini tinglagan holda yotishimga to‘g‘ri keldi. O‘ylardim, qachonlardir mening ham oilam bilan tashqariga chiqadigan kunim kelar. Shu damda odamlar qanchalik baxtli ekanliklarini angladim. Xuddi shu damda insonlarning qandayin baxtli ekanliklarini anglashlari uchun ular bilan bu azobni ulashishim lozimligini tushunib yetdim. Vaholanki, ular hatto o‘zlarini baxtli deb hisoblashmaydi.

Shu kundan boshlab qo‘rquvlarimga qarshi kurashishga qaror qildim. Biz hammamiz qo‘rqamiz, nimalardandir qo‘rqamiz, Odamlarni yo‘qotishdan, sog‘lig‘imizni, pulimizni yo‘qotishdan qo‘rqamiz. Ish faoliyatimizda zo‘r bo‘lishni, mashhur bo‘lishni, ko‘p pul topishni xohlaymiz, har doim qo‘rqib yuramiz. Shunday qilib, men hamma qo‘rquvlarimni birma-bir yozib chiqdim va bu qo‘rquvlarni bir vaqtning o‘zida yengib chiqishga qaror qildim. Bilasizmi, mendagi eng katta qo‘rquv bu - ajrashish.

Erimdan umidimni uzmaslikka harakat qilardim, ammo men yo‘q dedim. Uni o‘z holiga qo‘yishim orqali, uni o‘zimdan xalos qildim. Shuningdek, men o‘zimni ruhan juda ham kuchli qildim. Uning boshqa ayolga uylanayotgani haqidagi xabarni eshitgan kunim unga SMS yubordim: siz uchun juda ham xursandman va sizga baxt tilab qolaman. Ikkinchidan, men ona bo‘la olmas edim va bu men uchun anchayin og‘ir edi. Keyin angladimki, dunyoda oilasi bo‘lishini xohlaydigan qanchadan-qancha qora ko‘zlar bor. Shu sababli yig‘lab o‘tirishdan foyda yo‘q. Shunchaki bor-da, farzandlikka bola asrab ol va men ham shunday qildim. Odamlar o‘ylashadiki, ular boshqa odamlar tomonidan qabul qilinmaydi, chunki biz mukammal odamlar dunyosida nomukammallarmiz.

Shunday qilib, men nogiron ekanligimni tan olib o‘tirish o‘rniga, jamoat ko‘ziga ko‘proq ko‘rinishni, rasm chizishni boshladim. Milliy kanalga ruhlantiruvchi inson sifatida qo‘shilishim kerakligini angladim va ko‘plab shoularni o‘tkazib kelyapman. O‘tgan vaqt davomida ayollar milliy do‘stona munosabatlari elchisi bo‘ldim. Hozir ayollar va bolalar huquqlari uchun gapiraman. Biz qo‘shilish, turfa xillik to‘g‘risida suhbatlashamiz. Har safar jamoat oldiga chiqqanimda jilmayaman va odamlar mendan so‘rashadi: har doim jilmayib yurishdan charchamaysizmi? Buning siri nimada?

Men har doim bir xil javobni beraman: yo‘qotgan narsalarim  va odamlarim to‘g‘risida tashvishlanishdan to‘xtadim. Men bilan birga bo‘lishi kerak bo‘lgan odamlar yonimda. Ba’zan, biror kimning yo‘qligi sizni yanada yaxshiroq inson qiladi. Hayotingizni to‘liqligicha yashang, qanday bo‘lsangiz, o‘zingizni shundayligingizcha qabul qiling. O‘zingizga mehribon bo‘ling, o‘zingizga mehribon bo‘ling, qaytaraman, o‘zingizga mehribon bo‘ling va faqat shundagina boshqalarga ham mehribon bo‘lishingiz mumkin. O‘zingizni seving va bu sevgini atrofga tarqating. Hayot ba’zan qiyinlashadi, bir qancha tartibsizliklar va sinovlar bo‘ladi, ammo bular sizni faqatgina kuchli qiladi. Shunday qilib, siz o‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha qabul qilsangiz dunyo sizni taniydi.

Muniba Mazari (Pokiston). ( Ingliz tilidan Eldor ERKINOV tarjimasi).