Xavfsizlik xotirjamlik asosi, bu borada muhim qonun o‘zgartishlari ma’qullandi
Ko‘pni ko‘rgan kayvonilarimiz odatda xotirjamlikdan ayirmasin, deb duo qiladi. Tajribada ko‘ryapmiz, bu ne’mat o‘zi-o‘zidan bo‘lmaydi... Aytish mumkinki, parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi majlisida ushbu masala yuzasidan tegishli talab va normalar belgilandi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda jahonda texnologiya rivojlanishi bilan turli elektron uskunalar, jumladan, portativ lazerli nur tarqatgichlar ham keng ommalashmoqda. Bu qurilmalar arzon, oson yetib boriladigan va ko‘p hollarda ko‘ngilochar yoki ta’lim maqsadlarida ishlatiladi. Biroq ulardan noqonuniy yoki nomuvofiq foydalanilishi jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Xususan, samolyotlarning uchishi yoki qo‘nishi paytida ularning ekipajiga lazer nurlarini yo‘naltirilishi qo‘nish yoki parvoz jarayonida ekipaj diqqatini chalg‘itib, halokat xavfini oshiradi.
Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga lazer nurlari yo‘naltirilishi natijasida ko‘zning vaqtincha ko‘rmay qolishiga, bu esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olishda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ko‘pgina xorijiy davlatlarda lazer qurilmalarining foydalanishini cheklovchi va nazorat qiluvchi qonunlar qabul qilingan.
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida yuqoridagi muammolar tilga olindi.
Mamlakatimizda ham jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu turdagi qurilmalarni nazorat qilish, ularni litsenziyalash va noqonuniy foydalanish holatlarini jazolash bo‘yicha choralar qatorida mazkur qonun ishlab chiqilgan.
Qonun bilan amaldagi qonunchilikka mahalla huquq-tartibot maskanlarining hamda tayanch punktlarining tarkibini, ularda xizmat qiluvchi inspektorlarning vakolatlarini aniqlashtirishga, patrul-post xizmati saf bo‘linmalarining mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish hamda jazo chorasini qo‘llash vakolatiga ega shaxslarni aniqlashga, shuningdek, portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Fikrimizcha, qonunning qabul qilinishi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Senat yalpi majlisida “Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etish lozim, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Qurol to‘g‘risida”gi hamda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, hududlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida sovuq qurolni olib yurish huquqbuzarligini bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasining to‘rtinchi – sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik sudlanganlarga sudlanganlik holati tugallanganidan yoki olib tashlanganligidan yoxud amnistiya akti qo‘llanilganidan keyin o‘n yil davomida ruxsatnoma bermaslikka sabab bo‘ladi. Agar huquqbuzarda o‘qotar qurol mavjud bo‘lsa, ushbu o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilari olib qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslarni majburiy davolanishga yuborish uchun bir yil mobaynida bir martadan ortiq ma’muriy javobgarlikka tortish emas, balki bir yil davomida bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilganlik asos bo‘lishi belgilanmoqda.
Bunda shaxsni majburiy davolanishga muhtoj deb topish vakolatini olis hududlarda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalarga ham berish, shuningdek, narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha joylarda profilaktika inspektorlarining ishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Maryam NIYoZOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi.