Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiy haykali atrofiga rasmiy tadbirlardan tashqari vaqtlarda ham yig‘ilish mumkin(mi?)

Kecha Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bog‘ida, mutafakkir haykali o‘rnatilgan maydonda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, oliy, o‘rta maxsus va xalq ta’limi muassasalarining talaba va o‘quvchilari yig‘ilgani haqida xabar bergandik.

Ertalabki marosim tugagandan so‘ng aksariyat hollarda Navoiy haykali atrofida gavjum odamlarni uchratmaysiz. Kecha bu “an’ana”ni viloyat Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi xodimlari “buzishdi”.

Ya’ni, hududiy boshqarma ishchi-xodimlari rasmiy tadbir tugagan bo‘lsa-da, buyuk bobokalonimiz haykali atrofiga yig‘ilib, mutafakkirga ehtirom ko‘rsatdilar.

Boshqarma boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev Navoiyning ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi go‘zal fazilatlari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar to‘g‘risidagi qimmatli fikrlari yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini xodimlariga so‘zlab berdi.

Tahririyatdan: O‘zbek adabiy tili, mumtoz adabiyotining asoschisi, she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ijodini o‘rganish, asarlari mazmun-mohiyatini targ‘ib etish ishlari faqat u tavallud topgan sanada yoki rasmiy tadbirlardagina emas, barcha korxona va tashkilotlarda yil davomida amalga oshirilishi lozim.

Viloyat Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasining ushbu tashabbusi boshqa idoralar mutasaddilariga ibrat bo‘ladi, degan umiddamiz.