Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nobel mukofoti sovrindori Lev Landauning “baxt formulasi”

Mashhur fizik, akademik, Nobel mukofoti sovrindori, nazariy fizika ilmiy maktabining asoschisi Lev Landau o‘zining “baxt formulasi”ni misli ko‘rilmagan asar, deb hisoblagan. Bu nufuzli olim uchun g‘alati mavzu, shunday emasmi? Biroq Landau bunday o‘ylamasdan, mavzuni juda jiddiy qabul qilgan: “Agar hamma bu haqda men kabi jiddiy o‘ylaganda edi, hayotimiz ancha osonlashgan bo‘lardi”, deydi u. Landauning baxt formulasi uchta muhim elementdan iborat.

Olim mahorat bilan baxtning oddiy formulasini ishlab chiqdi. Uning fikriga ko‘ra, har bir insonning baxt-saodati uchta tarkibiy qismdan iborat: ishi (mehnat faoliyati), muhabbati va odamlar bilan qilgan muloqoti. Landau mehnatni birinchi o‘ringa qo‘yadi. U mehnat inson hayotidagi asosiy vosita, deb hisoblardi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunga isbot ham talab qilinmaydi. Olim shunday deb yozgan: “Agar siz mehnat qilishda to‘xtasangiz, dumingiz o‘sib chiqadi va daraxtlarga tirmashib chiqishni boshlaysiz”.

Landau muhabbatni juda jiddiy qabul qilgan. U eng baxtli odamlar o‘z vaqtining 30 foizini sevgan kishilariga bag‘ishlashiga amin edi. Masalan, har kim yaqinlari baxtli bo‘lishi uchun o‘z hissasini qo‘shishi kerakligini uqtirardi. Landau xotiniga “Mening birinchi darajali vazifam – bu seni baxtli qilishdir, xotini badbaxt bo‘lgan erkak hech qachon baxtli bo‘la olmaydi”, deb aytgan.

Odamlar bilan muloqot Landauning formulasida nazarda tutilganidan ko‘ra ko‘proq vaqt talab qiladi. Biroq ushbu band ortig‘i bilan bajarildi. Uning ko‘plab do‘stlari va tanishlari bor edi. Uyining eshigi esa kechga yaqin ham yopilmasdi, kimdir ketayapti, boshqalari esa kelyapti. Uyidan hazil, kulgi ovozlari eshitilar, hayoti qiziqarli va shovqinli o‘tardi. Unda akademik tarzda hayotdan ajralishlikdan hech vaqo yo‘q edi, albatta, u ishlagan kunning birinchi yarmini hisobga olmaganda.

Ushbu “g‘alati” olimning ayrim hikmatlari, hayot va baxt haqidagi iqtiboslarini taqdim etamiz:

  1. Inson baxtga intilishi kerak, u o‘ziga baxtni maqsad qilib olishi va hech qanday holatda undan voz kechmasligi lozim.
  2. O‘zingizni chin dildan baxtsiz, deb bilishdan ko‘ra, baxtli qilib ko‘rsatish yaxshiroqdir.
  3. G‘amgin inson – adashgan insondir. Umidsizlik botqoqqa o‘xshab uni o‘z domiga tortadi. Ba’zilar vaziyatni tushunib olish o‘rniga, u haqda o‘ylashni istamaydi va umidsizlikka beriladi.
  4. Ko‘pchilik xayoliga kelgan yoqimsiz fikrlarni o‘zlaridan haydashadi. Ular hatto bu muammo to‘g‘risida chuqur mulohaza qilishni istamaydi. Hayotda sodir bo‘lgan vaziyatni o‘rgana bilish qobiliyati har kimga ham berilmagan. Bu yerda hayotdan zavq olish va o‘ziga baxtli bo‘la olishi uchun nima xalaqit berayotgani birinchi sabablarini tahlil qila olish odatini shakllantirish zarur. Bu ishni o‘rgangan kishi uchun qaror qabul qilish ham, yashash ham oson bo‘ladi.
  5. Ma’yuslik, omadsizlik, alamzadalik roli menga to‘g‘ri kelmaydi. Mening boshqa rejalarim bor.
  6. Odamlar baxt bizning o‘z ichimizda ekanligini tushunishdan qat’iy bosh tortishadi, ko‘p narsani murakkablashtirishni yaxshi ko‘radi. Lekin men aksincha, doimo soddalikka intilaman. “Murakkab” va “qiyin” tushunchalarni chalkashtirib yubormaslik kerak. Behuda qo‘rquv va tashvishlar biz o‘ylashni va fikrlarimiz ustidan hukmronlik qilishni o‘rganganimizdagina orqaga chekinadi.
  7. Asosiysi, hamma narsani ishtiyoq bilan bajarish. Bu hayotingizni nihoyat darajada bezaydi.
  8. Gunohlarning eng kattasi – bu zerikish. Vaqti kelib o‘zingizga “Nega hayotning barcha afzalliklaridan bahramand bo‘lmaganman”, degan savol berasiz. Javobi esa aniq: “O‘zimga ishonmagandim, ba’zi bir narsalarga qiziqmadim, ularni zerikarli, deb o‘yladim” yoki aksincha “haddan tashqari o‘zimga ishonardim, bir-ikkita maqtovga uchib, komillik darajasiga yetganman, deb o‘ylagandim”.
  9. Munosib hayot kechirish uchun har kimda yetarli kuch bor. Hayot va davr qiyinchiligi to‘g‘risidagi gaplar harakatsizligingiz, dangasalik va turli xil umidsizliklarni oqlashning bir turi. Aqliy va jismoniy mehnat qiling, qarabsizki, davr ham o‘zgaradi.
  10. Axir biz faqat bir marta yashaymiz, bizga boshqa hayot berilmaydi. Berilgan muddat esa juda oz. Hayotimiz yanada yorqinroq va qiziqarli o‘tishi uchun har bir lahzadan, har bir imkoniyatdan foydalanishimiz shart.

 

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.