Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noqonuniy va qimmat narxlarda kartoshka sotayotgan “tadbirkor”lar faoliyatiga chek qo‘yildi

Mamlakatimizda karantin e’lon qilingach, zaruriy mahsulotlarning narxi oshib ketishi barchani xavotirga soldi. Viloyat hokimligi, viloyat davlat soliq boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi hamkorligida narxlarning barqarorligiga erishib kelinmoqda.

Ammo viloyat davlat soliq boshqarmasining “Ishonch telefoni”ga bozorlarda ba’zi mahsulotlarning, jumladan, kartoshkaning qimmat narxlarda sotilayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda.

Ta’kidlash lozimki, o‘tgan yilda Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar bir oyda 400 ming so‘m qat’iy belgilangan soliq to‘lagan bo‘lsa, joriy yilda 250 ming so‘m, viloyatlar markazidagi shaharlarda 200 ming so‘m to‘lagan. Joriy yilda 150 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori, ya’ni 223 ming so‘m to‘laydi. Shuningdek, boshqa shaharlarda 100 ming so‘m, boshqa aholi punktlarida 50 ming so‘m qat’iy belgilangan soliq to‘laydi.

Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan bir qator soliq imtiyozlari joriy qilindi. Jumladan, 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi (223000 so‘m) 50 foizgacha kamaytirilib, 111,5 ming so‘mga tushirildi.

Afsuski, berilgan yengilliklarga qaramasdan, bugungi kundagi vaziyatdan foydalanmoqchi bo‘lgan “ucharlar” uchrab turibdi. Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasining tegishli buyruqlariga asosan Samarqand shahridagi dehqon bozorlarida shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar bo‘limi xodimlari hamkorlikda nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

“Muso Xonkeldi” savdo majmuasi hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro A.G. tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qishloq xo‘jalik mahsuloti savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, undan 260,0 ming so‘mlik 52 kilogramm kartoshka mahsuloti vaqtinchalik saqlash uchun daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

“Siyob dehqon bozori”ga qarashli “Ulgurji bozor” filiali hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, qishloq xo‘jalik mahsuloti savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqaro A.A.dan 854,0 ming so‘mlik 244 kilogramm, fuqaro H.I.dan 1302,0 ming so‘mlik 372 kilogramm, fuqaro X.I.dan 1449,0 ming so‘mlik 414 kilogramm, fuqaro M.N.dan 23999,5 ming so‘mlik 6857 kilogramm kartoshka mahsuloti vaqtinchalik saqlash uchun daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Shu o‘rinda bu kabi “tadbirkorlar”ga murojaat qilmoqchimiz. Ushbu sinovli kunlarda saxiy tadbirkorlar nafaqat narxlarning oshishiga yo‘l qo‘ymayapti, balki muhtojlarga bepul oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishga harakat qilishmoqda. Siz ham faoliyatingizni qonuniylashtirib, to‘layotgan soliqlaringiz bilan mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shing. Narxlarning oshib ketishiga yo‘l qo‘ymang!

Viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.