Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nyu-York hayvonot bog‘idagi yo‘lbarsda koronavirus aniqlandi

Nyu-York hayvonot bog‘i qaramog‘ida bo‘lgan Nadi laqabli yo‘lbarsda koronavirus aniqlandi – bu yo‘lbarslarda birinchi martta COVID-19 aniqlanishi.

Tabiatni qo‘riqlash jamiyatining xabariga ko‘ra, Nadi bilan bir qatorda uning opasi Azul, ikki nafar amur yo‘lbarsi va uch nafar Afrika sherlari ham kasallangan. Jonivorlarda quruq yo‘tal paydo bo‘lgan. Ularning koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganliklarini AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligining veterinariya xizmati tasdiqladi.

Yo‘tal bilan bir qatorda, jonivorlarning ishtahasi pasaygani kuzatilmoqda. Biroq ular o‘zlarini ilgarigidek faol tutmoqdalar. Jonivorlar yaqin kunlarda tuzalib ketishlariga umid qilinmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, jonivorlar ularga qarovchilarning biridan kasallikni yuqtirib olgan. Ayni vaqtda hayvonot bog‘i ma’muriyati, kasallik tarqab ketishining oldini olish maqsadida barcha xodimlar uchun zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Hayvonot bog‘idagi boshqa jonivorlarda kasallik belgilari sezilmagan.