Sayfullo Soipov Nyu-Yorkdagi teraktda aybdor deb topildi

2017 yilda Nyu-Yorkda Xellouin bayramida hujumni sodir etgan asli o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov aybdor deb topildi va endi o‘lim yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deb xabar bermoqda CBS News.

"2017 yil 31 oktyabr kuni yuk mashinasini Nyu-York shahridagi mashhur velosiped yo‘lagiga katta tezlikda haydab chiqqan va sakkiz kishini o‘ldirgan islomiy ekstremist 28 ta jinoyatda aybdor deb topildi.

Ta’kidlanishicha, hakamlar hay’ati ikki kun davomida qariyb yetti soatlik muhokamadan so‘ng, Soipovni jinoyatlarda, jumladan, qotillik va xorijiy terrorchi tashkilotga yordam berishda aybdor deb topdi.

"Hakamlar hay’ati bir necha kun ichida sudga qaytib, u o‘limga hukm qilinishi yoki umrining qolgan qismini qamoqda o‘tkazishi kerakligi haqida qaror qabul qilishda yordam beradigan qo‘shimcha dalillarni tinglaydi", deyiladi xabarda.

Nyu-Yorkda o‘lim hukmini chiqarish uchun barcha 12 sudya a’zosi bunday chorani yoqlab ovoz berishi kerak.

Soipov boshqarayotgan yuk mashinasi Manxetten okrugining janubi-g‘arbiy qismida velosiped yo‘liga chiqib, yo‘lidagi odamlarni urib yuborgan va maktab avtobusiga borib urilgan. Natijada sakkiz kishi halok bo‘lgan, o‘ndan ortiq kishi jarohat olgan. Rasmiylar voqeani terakt sifatida baholagan.

O‘zbekistonlik muhojir tergovchilarga “IShID” (“Islomiy davlat”) terrorchilik guruhi targ‘ibotidan ilhomlanganini tan olgan.