Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘tkir RAHMAT Sinov(doston)

G‘ala-g‘ovur dunyoning
Beadad g‘am-tashvishi,
Bahor quvnatsa ko‘zni,
Ba’zida qiynar qishi.
Muzlikmi, cho‘li sahro,
Shovullagan bog‘larmi,
Soylari sharqiragan
Osmono‘par tog‘larmi?

Barxandek qumlar aro
Quyunlari chopganmi?
Qaqragan lablaridan
Tuproq orom topganmi?
Kindik qoni to‘kilib,
Kimdir ko‘z ochar ekan,
Shudir uning oshyoni,
Shudir unga jon Vatan.

Bobolardan meros bu,
Momolar yotgan tuproq.
Madadkor-u qo‘llovchi
Ruhlari o‘chmas chiroq.
Alloma-yu fozillar,
Ulug‘lari bir jahon.
Bu tamaddun daryosi,
Hamon oqmoqda ravon.

Qish ko‘rpasin orqalab,
Safaridan qongandi.
Kurtaklarga jon kirib,
Uyqudan uyg‘ongandi.
Boychechaklar yuz ochib,
Ko‘rganda bu olamni,
Bir ofat azroildek
Izlab keldi odamni.

Qayerdan keldi bu dard,
Osmondanmi, yerdan yo?
Hushyor tortdi Ovrupo,
Amriqa-yu Osiyo.
Quyosh uyg‘onib sharqdan
To g‘arb tomon yetguncha,
O‘ylab o‘yiga yetmas
O‘z yo‘lida ketguncha.

Chin-u, ispan, olmonu
Farang-u rus ovora.
Yer yuzida kimki bor
Izlaydi unga chora.
“Ko‘rinmas yov” sezdirmay
Bosib kelar erta-kech.
Odamzod neni ko‘rdi
Bu o‘xshamas unga hech.

Hali urush azobin
Unutgan yo‘q bobolar.
Ko‘z yoshlari sel bo‘lib
Yodga olar momolar.
O‘lim bilan yuzma-yuz
Olishib omon qaytgan,
G‘alaba so‘zin axir
Har bir xonadon kutgan.

O‘zinimas o‘zgalar
Boshin silashgan el - bu.
Bir mayizni qirq bo‘lib
Bir-bir ulashgan el - bu.
Och-nahor qolsa hatto
Imon, insof bor edi.
Mehr-oqibat gullab
Dillarda bahor edi.

Esdi qancha shamolu
O‘tdi yomg‘ir, dovullar.
Yelib bormoqda hayot
Shiddati zo‘r, guvillar.
O‘zligini izlab el
Topdi, qalbi shodlandi.
Vatan sha’ni yo‘lida
Ezgu ishlar boshlandi.

Yangi davr, toza ong,
Kelajak tamal toshi.
Inson qadri yuksaldi
E’zozda keksa-yoshi.
Ilmu fan, ijod mudom
Ayrilmagay shitobdan.
Tafakkur qanotlanar
Eng avvalo, kitobdan.

O, jonajon ona yurt,
Mehring mudom ulug‘dir.
Toshkentdan Nukusgacha
Har qarichi qutlug‘dir.
Voha tomon talpinsam,
Quvnab qarshilar Termiz.
Samarqandu Buxoro
Birgamiz, qalban birmiz.

Ijod bulog‘i Zomin,
O‘riklisoyga chorlar.
Mo‘ynoqda yangi hayot
Ko‘rsangiz nurdek porlar.
Nasafda o‘zgacha fayz,
Gulistonning tengi yo‘q.
Qadim Xiva shivirlab
Dilga solgan sirli cho‘g‘.

Karmana ko‘rkam maskan,
Yashnab borar yangidan.
Ezgulikka yo‘l olar
Ko‘z ochgan har tongidan.
Bobomiz Navoiyning
Bunda qutlug‘ izi bor.
Har yigit-qiz yod etib
Mehrini etar izhor.

Gulchambar – go‘zal vodiy,
Nurafshon – misli saroy.
Ona yurtim jamoli
Kundan kun ochar chiroy.
Bunyodkor, shijoatli
Matonatli elim bor.
Bag‘ri keng, oliyjanob
Saxovatli elim bor.

Sirdaryoning siri mo‘l,
Amudaryo bir olam,
Zarafshondan zar ichib,
Gulgun yashnar bog‘, dalam.
Baxtim guli yuz ochgan
Bu tabarruk oshiyon.
Jonim ichidagi jon
Jonajon O‘zbekiston.

Xalq qudrati beqiyos,
Undan mavjlanar yurtim,
Har jabhada o‘zgarish,
Bunyodkorliklar ko‘rdim.
Ko‘kni o‘par binolar,
Ko‘rkidan quvnaydi ko‘z.
Derazalar nur tarab,
Dil izhor etar beso‘z.

Bu - tinchlik sharofati,
Ahillik baxsh etgan baxt,
Shundanmi gullab yashnar,
Toshkentim - azim poytaxt.
Chiroqlarni ko‘tarib
Oqshomlar hech uxlamas,
Yangi tongni qutlamay
Ko‘ziga uyqu kelmas.

Odimlaydi shiddatkor,
Orzulari behisob
Istiqbolda bitilgay
Bu haqda qancha kitob.
Ezgu maqsad yo‘lida,
To‘xtamagay shijoat,
Mashaqqatlar yon bergay,
Xalqim g‘olibdir faqat.

Nelar uchramas yo‘lda,
Nimalar tushmas boshga,
Bu shundayin elu yurt,
Ega sabr-bardoshga.
Tuhmat balosi yomon,
Bir kun yengib chiqar haq.
Suv qutursa chora bor,
Jilovlar mardlar har chog‘.

O‘t ketsa bormi agar,
Uning chapi o‘ngi yo‘q.
Kasofati ko‘p yomon,
Na to‘ni, na yengi yo‘q.
Bu qanday “yov”bo‘ldiki,
Nishin sanchadi zimdan,
Har odamni tinch qo‘ymas,
Hayiqmaydi hech kimdan.

Mardona el uyg‘oqdir,
Kuch-qudrati so‘nmagay,
Mard va jasur g‘amxo‘ri
Bordir, sira sinmagay.
Alloh nazar solgan yurt,
Avliyolar beshigi.
Har tong quyosh ko‘z ochib
Kirib chiqar eshigi.

Olamga nazar solib
Goh vujuding muzlaydi,
Qirg‘in keltirgan darddan
Yuraging bezillaydi.
Zo‘rman degan nechalar
O‘zi bilan ovora,
Ezgulik, yaxshilikni
O‘ylab ko‘rsaydi zora.

Qirg‘inbarot urushlar
O‘chsaydi yer yuzidan,
Onalar qon yutmasdi,
Oqmasdi yosh ko‘zidan.
Gar o‘rmonga o‘t ketsa
Ho‘l-u quruq yongaydir,
Umid bilan zor qaqshab
Maysalar ham kuygaydir.

Necha-necha sinovlar,
Neni ko‘rmadi inson,
Mardona yengib barin,
Lek bergan qancha qurbon.
Endiyam ochmasmi ko‘z
Qayda deya zamini,
Borliqni sof asrabon,
Koshki yesa g‘amini.

Daryolarda ham dard bor,
O‘zgargan aft-angori,
Tushgan zahru zaqqumning
Qiynayotir ozori.
Ertayu kech ko‘k sari
Ajdar misol o‘rmalar,
Tutunlar ohi-vohi
Ko‘k qalbini tirnalar.

Shaharda tanaffus yo‘q,
Avtolar tinim bilmas,
Izg‘iydi gaz islari
Aylanar qo‘nim bilmas.
Chang solar sekin-asta,
Kimda yurak xuruji,
Qay bir daraxt qovjirab
To‘xtar “yurak” urishi.

Tabiat ko‘rsatarkan
Biz kutmagan kuchini,
Kim xor etsa kun kelib,
Olar ekan o‘chini.
Bag‘ridagi borini
Gullab qo‘yganda ko‘klam,
Nogahonda qor yutib
Yum-yum yig‘ladi dalam.

Insonning sabri bisyor,
Tafakkurda tengi yo‘q,
Toki bor ekan odam
Kashfiyotlar so‘nggi yo‘q.
Barobarmas besh barmoq,
Umr ham uzun-qisqa,
Kimda quvnoq intiho,
Kimdadir g‘amgin qissa.

Yengil-yelpi hayotni
Qo‘msab yurgan qanchadir,
Mo‘may daromadni deb
Yonib-o‘chgan shunchadir.
O‘zga yurtlardan go‘yo
To‘lib qaytar to‘rvasi,
Tatirmidi ichgani
Topgan yovg‘on sho‘rvasi.

Fitnakor aldoviga
Ishongandi, xor bo‘ldi,
Qadri ham qon-qon yig‘lar,
Keng dunyosi tor bo‘ldi.
Yot ellarda birodar,
Kim koringga yarardi,
Topolmay boshqa chora,
Allohga yolvorardi.

Ota-ona tilini
Bilmay o‘sar bolasi,
Oh bo‘lib ko‘kka o‘rlar,
Dildan chiqqan nolasi.
Har tuni o‘ylaridan
Qurshab oladi titroq,
Nahotki so‘nggi damda
O‘zga el, o‘zga tuproq...

Tuzin yeb tuzlig‘iga
Tupurganlar bor axir,
Bundaylarga bilmadim
Ne ravo ko‘rar taqdir.
Uzoqlarda erta-kech
Bir-birini g‘ajirlar,
Go‘yoki haqgo‘y, odil,
O, sho‘rlik muhojirlar.

It hurar karvon o‘tar,
Ortda qolar dovonlar,
Guruch kurmaksiz bo‘lmas
Isbotlagan zamonlar.
Kambag‘allik ayb emas
Pashshadan yasamang fil,
Mehnat qilgan har kimning
Bo‘lar murodi hosil.

...Bu ham yetmaganidek,
Sapchib yaxshi yomonga,
Ko‘rinmas qattol og‘u
Chang solar to‘rt tomonga.
Oynai jahon tinmas,
Gazetalar urar bong,
Uxlamaydi internet,
Ne gap bu kech, erta tong?!

Atom bomba temirdek,
Endi zanglasa kerak,
Zo‘ravonlar o‘ylashib
Zora anglasa kerak.
Bu qurolning o‘rniga
Kashf etsaydi bir malham,
Odamzotga chang solgan
Daf bo‘lardi dardu g‘am.

O, Vatanim, jannatim,
Sen borsanki ko‘ngil to‘q,
Xalqini o‘ylaguvchi
Sendan bo‘lak hech kim yo‘q.
Kattami, yo kichikmi,
Yo keksadir, yo yoshdir,
Dilga iliqlik bergan
Yurtim, mehring quyoshdir.

Oilaning boshlig‘i,
Otadir u, otadir.
Sinovli kunlar kelsa,
U bor ekan o‘tadir.
Tashvishi ko‘p, o‘yi ko‘p,
Kichik bir xonadonda.
Omad chopmas kun - xafa,
Quvonchdan - hayajonda.

Ko‘zin qorachig‘iday
Asraydi, avaylaydi,
O‘z o‘lan to‘shagini
Erta-yu kech o‘ylaydi.
Farzandlari sog‘-omon,
Voyaga yetsa shu – baxt,
Bormi shundan ziyoda
Mol-u mulku toji-taxt.

Kichkina bir ro‘zg‘orning
Qancha sevinch, g‘ami bor,
Chora topganda quvnab,
Xunob bo‘lgan dami bor.
Vatan ham bir oila,
Mustahkamdir qo‘rg‘oni,
Sha’nini baland tutib
Ardoqlar har insonni.

Tojdor virus quturib
Zug‘um qilmasin harchand
Sabru matonat bilan
Yo‘liga solgaymiz band.
Yurtimizni pok etib
Aritgaymiz g‘ubordan,
Ko‘ngillar yayrab ketar
Bir kun bu xushxabardan.

Vahima-yu qo‘rquvdan
Asranmoq ham fazilat,
Ishonch, imon yo‘q ekan
Urchir ming bitta illat.
Shukrki, bizda boshdan,
To‘g‘ri hisob qilindi,
Vaqt o‘tib endi uning
Xosiyati bilindi.

Do‘xtirlarga tashakkur,
Dard ko‘rmasin qo‘llari,
Alvon-alvon gullarga
To‘lsin o‘ng-u so‘llari.
Saxovatu ko‘makning
Savoblari beqiyos,
Himmati balandlar ham
Olqishlansa shu oz.

Bugun uylar o‘zgacha,
Kezar mehru oqibat,
Qadriyat qaror topib,
Ko‘z ochdi mehr-shafqat.
Ilmu fan, ijodda ham
Tug‘ilmoqda durdona,
Har kim shunga sho‘ng‘igan,
Har uy bugun darsxona.

Pir-u badavlat bo‘lmoq
Har kimga nasib etsin,
Kim yurtni deb halakdir —
Murod-maqsadga yetsin!
Derlar bosh omon bo‘lsa
Do‘ppi ham topilgaydir,
Tez kunda “ko‘rinmas yov”
Yo‘llari yopilgaydir.

Qardosh, qondosh ellarda,
Aqida bor azaliy:
Sinovdan o‘tgan do‘stlik,
Yashayverar abadiy.
Do‘stlar doim yelkadosh,
Rahna qo‘li yetolmas,
O‘rtada tog‘dek ishonch,
Suvlar yuvib ketolmas.

Bugun men alqab dildan,
Senga etarman ta’zim,
Omon bo‘l ona xalqim,
Bisyordir sendan qarzim.
Yurtni sevmoq saodat,
Fidolarni ko‘rgandim,
Borin elga bermoqni
Bir insondan o‘rgandim.

Erta-yu kech shu el deb
Uyqu bilmas qarog‘i,
Bundan ibrat, kuch olar,
Yurtning yaqin, yirog‘i.
Sezayapmiz, tez kunda,
Chekinar ofat — chaqin.
Yana sal sabr aylang,
G‘alaba kuni yaqin.

Hatto maysa tosh yorar,
Toqat, matonat - darsi,
Har neni sinab ko‘rar
Hayot — imtihon asli.
Bu sinovda baribir
“Yov”ni shaksiz yiqamiz,
Yanada kuchli bo‘lib
Bu kurashdan chiqamiz.

Ana shunda to‘ldirib
Kezamiz dalalarni,
Lov-lov yongan qizg‘aldoq,
Quchamiz lolalarni.
Osmonda-chi tizilib,
Qushlar qoqadi qanot,
Ko‘rguliklarni yengib
Asliga qaytar hayot.

O, onaday aziz yurt,
Otaday ulug‘vorsan.
Halovat yo‘q erta-kech,
Magarki sen bemorsan.
Kimki xor etmish sani,
Bas, u o‘g‘lon emas, bas.
U bir yog‘iy, yoki u...
Xullaski, farzand emas.

Nur –sharqdan. Tafakkurning
Tebratgansan beshigin,
Dunyolarga ochding keng
Ilm-najot eshigin.
Sinolaring sinovdan
O‘tgan mudom, bardam bo‘l,
Olam ahlin ko‘nglining
Dardlariga malham bo‘l.