Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Saratov hukumati rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ish sharoitlarini o‘rganish maqsadida Rossiyada bo‘lib turibdi.

Samarqand viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi axborot xizmati bergan ma’lumotlarga qaraganda, hokim o‘rinbosarining galdagi muloqoti Saratov hukumati rahbari Strelyuxit Aleksandr Mixaylovich raisligida o‘tkazilgan.

Muloqotda hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosari - moliya vaziri Oykin Vadim Gennadevich, hukumat rahbari o‘rinbosari -mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri Naumov Sergey Yurevich hamda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Ikki tomonlama muloqotda Jamshid O‘roqov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xorijda ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgargani, mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatilib, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish va ko‘maklashish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinganini e’tirof etdi.

Xususan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etilib, mehnat migrantlarining hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, ularning oila a’zolari uchun ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti qo‘llanilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqdi.

Qarorga muvofiq, mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitiladi. “Ishga marhamat” monomarkazlarida kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha qisqa kurslar tashkil etiladi. Ushbu kurslarning o‘quv dasturlari xorijiy yirik ish beruvchilarning talablariga moslashtiriladi.

Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiyalar va mikroqarzlar ajratiladi. Quvanarlisi, 2021 yil 1 yanvarga qadar Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekiston Respublikasida ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda.