Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Patrul avtomobillari ham dezinfeksiya qilinmoqda

Koronavirus muammosi butun dunyo ahlini tashvishga, tahlikaga solayotgan bir vaqtda respublikamizda, jumladan Toshkent viloyatida ham unga qarshi turli samarali usullar qo‘llanilmoqda. Ma’lumki, hozirda yo‘lovchi tashuvchi barcha turdagi transport vositalari virusga qarshi maxsus dori vositalari bilan zararlantirilmoqda. Bu kasallikning avj olib ketishining oldini oladi.

Bundan tashqari xizmatdagi xodimlar salomatligini muhofaza qilish, ularni hamisha xizmatga shay holatda bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida boshqarmalarda shifokorlar navbatchiligi ham tashkil etildi. Jumladan, viloyat IIBB YHXB ma’muriy binosida ham ikki nafar shifokor xodimlar salomatligini himoya qilib, ularni kasallikdan asrash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas vazifalarni bajarishmoqda.

“Xodimlarni kasallik yuqishidan muhofaza qilish degani, bu ko‘pchilikni sog‘ligini asrash, degani” - deydi viloyat IIBB Tibbiyot boshqarmasi shifokori S.Jabborov. Nega deganda DYHXX xodimlari hamisha odamlar orasida bo‘lishadi. Ular bilan har kuni, har soatda muloqot qilishadi. Shu sabab ham ular bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazishimiz, ularning salomatligini muhofaza qilishimiz juda ham katta ahamiyatga ega.

Shifokorlar xizmat xonalarini dezinfeksiya qilish bilan birga xizmatga chiqayotgan va xizmatdan qaytayotgan patrul avtomobillariga ham virusga qarshi vositalar bilan ishlov berishayapti. Bu ishlar oralig‘ida xodimlar amal qilishi lozim bo‘lgan asosiy talablar ham ularga tushuntirib borilmoqda.

“Tayyorlangan maxsus vositalar bilan har bir xodimga yordam ko‘rsatayapmiz” - deydi hamshira M.Isroilova. Xodimlar ham bu ishlarni to‘g‘ri anglab yetishayapti. To‘g‘rida, axir COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash umumiy ishimiz-ku.
Ha, har qanday muammo hamjihatlikda, bamaslahat ish olib borish orqali o‘z yechimini topadi. Bu ishdan hech kim chetda turmasligi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati