Samarqand shahrida "GAI" xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

25 noyabr kuni Samarqand shahri Bo‘stonsaroy ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori "Lasetti" rusumli avtomashinani to‘xtatgan vaqtida, haydovchi ulovni hujjatsiz boshqarib yurganligi aniqlangan.

Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng, haydovchi avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga inspektorga 100 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilgan. Xodim unga pora berish jinoyat ekanligini bir necha marotaba tushuntirsa-da, haydovchi kechroq kelishini aytib ketgan.

Holat yuzasidan inspektor bildirgi bilan murojaat qilgan.

Mazkur bildirgiga asosan IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi bo‘limi va Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro 100 AQSh dollari miqdordagi pullarni YPX inspektoriga bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.