Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paxta-2020: Samarqandlik paxtakorlar belgilangan 215 ming 500 tonna hosilni terib oldilar

1 noyabr kuni viloyatimiz paxtakorlari bu yilgi paxta shartnomasini ortig‘i bilan bajardilar.

Joriy mavsumda viloyatda 75,6 ming gektar yerda g‘o‘zaning serhosil, mahalliy iqlimga mos navlari parvarishlandi. Sohaga yangi tizim - klaster tizimining joriy etilgani o‘z samarasini ko‘rsatdi. Bu istiqbolli tizim tufayli g‘o‘zaga o‘g‘it berish, zararkunandalarga qarshi kurashish, agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish o‘z vaqtida amalga oshirildi. Shuningdek, ishlov muddatlariga to‘la rioya qilinishi va albatta mehnatga haq to‘lash, yuqori manfaatdorlik muvaffaqiyat omili bo‘ldi.

Shu bois shartnoma rejasining bajarilishida 2120 ta fermer xo‘jaliklari bilan bir qatorda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qqizta paxtachilik klasterining ulushi katta bo‘ldi. Xususan, "Paxtachi klaster", "Ziyovuddin Textile", "Amina gold invest", "Kattakurgan cluster" va boshqa klasterlar yuqori hosil yetishtirib, paxtani yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay terib olish choralarini ko‘rdilar.

Paxta terimi ishlari  ham to‘g‘ri tashkil etildi. Bunda manfaatdorlik bosh omil bo‘ldi. Birinchi terimda har kilogramm paxta xomashyosi uchun 1000-1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1400 so‘mdan haq to‘landi. Keyingi kunlarda klaster va fermer xo‘jaliklari terilgan 50 kilogramm paxta uchun 1 litrdan yog‘ qo‘shib berishdi.

Paxtachilikka shu kabi yondashuv tufayli viloyatimizda 215 ming 500 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etildi. Muhimi, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi.

Bu muvaffaqiyatda Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Ishtixon va Nurobod tumanlarining ulushi katta bo‘ldi. Jumladan, Paxtachi tumani paxtakorlari joriy mavsumda 24,9 ming tonna "oq oltin" terib olishni rejalashtirib, amalda qariyb 26,5 ming tonna paxta yig‘ib oldi. Kattaqo‘rg‘on tumani paxtakorlari esa 31,8 ming tonna o‘rniga 35 ming tonna paxta terib, belgilangan rejani 10 foiz ortig‘i bilan uddaladi.

Shuningdek, Ishtixon, Nurobod, Narpay tumanlari paxtakorlari ham shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajarib, viloyat paxta xirmonining bunyod etilishida munosib hissa qo‘shdilar.

Hali viloyatimiz paxta dalalarida hosil bor. Dehqonlarimiz quyoshli kunlarning har bir daqiqasini g‘animat bilib, yetishtirilgan hosilni oxirigacha yig‘ib-terib olishga bel bog‘laganlar.