Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: ADAShISh

Bu voqea ancha yil oldin sodir bo‘lgandi.

Bir kuni Nyu-York, Salamansiga bordim. U yerdan poyezdga o‘tirib, dam olgani jo‘nab ketishim kerak edi. Perronda odam gavjum, igna tashlasang yerga tushmaydigan darajada. Vagonlar yo‘lovchilarga to‘lib ketgan bo‘lishiga qaramay odamlar xuddi jahannamdan qutqarish uchun yuborilgan so‘nggi poyezdga ulgurishlari kerakdek o‘zini olomonga urardi. Shu payt men ham o‘shalarning orasida ekanligimni payqadim va xayratni unutib,  darhol boshiga tashvish tushgan kishidek chipta kassasida o‘tirgan yosh yigitga murojaat qildim.

- Uzr,  dam olish joyimgacha  joy uchun buyurtma bersam bo‘ladimi?

- Yo‘q!

Sizni tanimagan har qanday kimsa xuddi shunday qilgan bo‘lardi. Ammo u ham meni tanimadi shekilli, birdan javob qaytardi.

Tabiiyki, javob meni qoniqtirmadi. Ammo ortga chekinmadim. Axir, obro‘yimga to‘g‘ri kelmasdi-da. Biroq shuncha odam qarab turgan paytda u bilan tortishib o‘tirmadim. O‘sha yerda xizmat qilib yurgan boshqa bir kishidan iltimos qildim:

– Kechirasiz, vagonning biror chekkaroq, tashlandiq burchagida bo‘lsa ham…

– Yo‘q!

So‘zim bo‘g‘zimda qoldi, ikkinchi kishi avvalgisidan farqli o‘laroq gapimni eshitgisi ham kelmadi. Bir zum esankirab turdim. Nahotki, mendek taniqli, obro‘li kishiga shunday munosabatda bo‘lishsa-ya? O‘zimni  raddibaloga uchragan qochqindek his qildim.

– Yo‘q, hamma burchak band, meni boshqa bezovta qilmang- deb o‘shqirdi.

So‘nggi eshitgan gapim shu bo‘ldi, ko‘ngliga tegadi ham demay orqasiga burilib ketdi. Yuragim g‘ashlandi. Ko‘ngli dardga to‘lib, biror dardkash izlayotgan g‘iybatchi xotindek yonimda turgan hamrohimga so‘z qotdim:

- Bunisi bo‘lmasa, boshqasi meni tanishi kerak-ku axir. Agar bu odamlar mening kimligimni bilganida bormi, ular…

Gapim tugamadi, maqtanishni ozroq oshirib yubordim shekilli, hamrohimning afti bujmaydi. Dardkash tanlashda adashdim chog‘i.

“Bo‘ldi-yay, safsatani qo‘ysangizchi, biz shu sharoitga ko‘nikishimiz kerak. Nima, agar ular sizning kimligingizni bilganlarida joy bo‘lmasa ham poyezddan sizga biror bo‘sh joy topib berisharmidi...”

Bu so‘zlar holatimni yaxshilash uchun taskin bo‘lmadi, aksincha, mushkul vaziyatda qoldim. Ammo shu payt vagon yuk tashuvchisining ko‘zi menga tushganini payqadim. “Ana haqiqat qaror topdi! Dardimga malham topgandek bo‘ldim. Ha, u qarshisida mashhur kishi turganini ilg‘adi. U sekingina yonidagi forma kiygan konduktorga meni ko‘rsatib, shivirlaganidan bildimki,  men haqimda gaplashishyapti. So‘ngra konduktor hurmat va yuzida tabassum bilan yonimga keldi.

– Sizga mendan biror yordam kerakmasmi? Yoki vagondan joy olishni xohlaysizmi?- so‘radi muloyimlik bilan.

Ko‘nglim yorishdi va javob berishga shoshildim:

– Ha, albatta, agar birorta joy bersangiz, sizdan g‘oyat  minnatdor bo‘lardim.

- Xo‘sh, bizda katta oilalar uchun ajratilgan bo‘lmalardan bo‘lak joy qolmadi. Menga va hamrohimga joy olib qo‘ymaganligi uchun u o‘zini go‘yo aybdordek his qildi va afv etib rozi bo‘lishimni kutayotgandek so‘zida davom etdi: - U yerda ikkita krovat va bir juft kreslo ham bor. Barchasi sizning ixtiyoringizda bo‘ladi. - Bizni ko‘nishimizni bilib, yordamchisiga murojaat qildi.

– Hoy, Tom bu yoqqa kel, mana bu jamadonlarni oilalar bo‘lmasiga olib chiq! - deb buyurdi va  boshidan shlyaapasini olib, tavoze bilan menga ta’zim qildi.

So‘ngra bizni bo‘lmaga joylashtirib yuksak ehtirom ko‘rsatdi. O‘zimni hamrohim oldida qanchalik obro‘li ekanligimni va u men tufayli shu marhamatga ega bo‘lib turganligini yuziga solib qo‘ymoqchi bo‘ldim, ammo fikrim o‘zgardi. Tag‘in ko‘ngliga tegmasin, deb tilimni tiydim.

– Janob, menga yana nima xizmat? Ko‘nglingiz nima tusasa, buyuring.

– Ha, ozroq issiq suv keltira olasizmi?

– Albatta, janob, o‘zim olib kelaman.

– Yaxshi, ha, darvoqe, anavi chiroq ham ancha yuqoriga ilinibdi. O‘shani pastga, krovatimning boshidagi tokchaga o‘rnating, kitob o‘qishim uchun qulayroq bo‘ladi.

– Ha, janob narigi xonada chiroq o‘rnatilyapti, yaxshisi hozir uni buyoqqa olib kelib o‘rnataman. Tuni bilan yoritadi. Yana biror narsa xohlaysizmi? Bugun butun temiryo‘l siz uchun xizmat qiladi, - dedi va sekin chiqib ketdi.

G‘ururdan o‘zimga sig‘masdim va jilmayib hamrohimga yuzlandim:

– Xo‘sh, endi bunisiga nima deysiz? Ular mening Mark Tven ekanligimni bilganlaridan munosabatlari o‘zgardimi yoki yo‘q? Mana natijani o‘zingiz ko‘rdingiz, shunday emasmi?

U boshida menga qarshi chiqqanligi uchun o‘zini aybdordek  his qildi shekilli javob bermadi. Uning tilini yanada  qisiq qilish uchun paytdan foydalanib luqma tashlab qo‘ydim:

– Sizga ham xizmat qilishlarini xohlamaysizmi? Narxi bir xil  bo‘lardi.

Shu payt eshikda hammolning jilmaygan yuzi ko‘rindi.

– Oh, janob, ko‘zim sizga tushgan zahotiyoq kimligingizni tanigandim.

Unga choy-chaqa uzatarkanman:

– Shundaymi o‘g‘lim? Qani aytchi men kimman o‘zi?

– Siz, sizmi,  Nyu-York meri, janob Makkelensiz! - dedi va mamnun chiqib ketdi.

Mark Tvenning hikoyasini Charos QOZOQOVA ingliz tilidan tarjima qildi.