Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident Mustaqillikning 28 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat mustaqilligining 28 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

Qarorda Respublika komissiyasi tomonidan bir hafta muddat ichida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqishi belgilangan.

Dasturda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus”kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ma’no-mazmuni va ruhi mujassam etilishiga alohida e’tibor qaratilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Respublika komissiyasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat targ‘ibot guruhlari tashkil etilishi hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlanishi yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda O‘zbekiston istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazish belgilangan.