Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlarga cheksiz minnatdorligini bildirdi

Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurashishdagi o‘ziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar, deya kuyunib gapirdi.

Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.

Shu sababli, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini e’tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitar-epidemiologik va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida qarorni imzoladim.

Karantin amal qiladigan muddatda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’yektlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar, epidemiologlarga har oyda qo‘shimcha 25 million so‘m, hamshira va laborantlarga 15 million so‘m, sanitar xodimlarga 10 million so‘m va boshqa xodimlarga 5 million so‘m rag‘batlantirish to‘lovlari beriladi.

Bundan tashqari, bemorlar bilan ishlash vaqtida koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga 100 million so‘m miqdorida alohida to‘lov beriladi.

Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda.

Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o‘z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay, shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz!

Hurmatli tibbiyot xodimlari, o‘z hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.