Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qarzdor ota farzandi uchun 40 million so‘m to‘lab berdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro Otabek Namozovdan undiruvchi Munojot Rashidovaning bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun maoshining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirib borish belgilangan.

Bu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Anchadan buyon fuqaro O.Namozov aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan edi.

Bugungi og‘ir sharoitda muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini inobatga olgan holda Byuroning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tushuntirish va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan, qarzdor O.Namozov bilan ham atroflicha suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilib, bugungi sinov kunlarida farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirildi.

Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limining xabar berishicha, bunday maslahat va suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandi ta’minotini o‘ylab, voyaga yetguniga qadar hisoblagan holda 40 million so‘m pulni to‘lab berdi.