Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qora tuguncha. “O‘ng qo‘ling berganini, chap qo‘ling bilmasin”

Egam muallim nevarasining sinfdoshi Sardorni kuzata turib, bolaning ahvoliga achinib, rahmi kelib, ich-ichidan og‘rindi. Yaqindagina otasi jarrohlik amaliyoti chog‘i bexosdan nobud bo‘ldi. Bola go‘yoki qarovsiz qoldirilgan niholdek so‘lg‘inlashib, ko‘rimsiz bo‘lib qolgan, ustidagi kiyim-boshi, maktab liboslarigacha eskirib ketgan.

Egam muallim og‘ir o‘yga cho‘mdi. U nafaqa pulidan xorijda ishlayotgan o‘g‘lining farzandi Azamatga yap-yangi maktab formasini sotib olib bergan, shundan so‘ng xiyol o‘tmay o‘g‘li ham yigitchaga yana bir maktab formasini sovg‘a qilib yuborgandi.

Muallim o‘zicha kelini bilan maslahatlashib, ana shu libosni rahmatli qo‘shnisining o‘g‘liga hadya etish orzusiga berildi.

"Bunga kelinim ko‘narmikan. Odatda, ayol zoti kiyim-kechakka o‘ch, ziqnaroq bo‘ladi. Agar yo‘q deb rad javobini qilsa, asabiylashib og‘rib qolishim tayin".

Yo‘q, baribir muallimning rahmdilligi ustun kelib, keliniga ohista gap soldi.

Kelini nimagadir indamadi, qovog‘i solinib, jim bo‘lib qoldi-da, bexosdan shart ichkariga kirib ketib, chiroyli yelim xaltaga solingan maktab libosini olib chiqib, qaynotasining yoniga qo‘ydi.

- O‘zing eltib bersang bo‘lardiku-ya, kelin, har holda ayol tilini ayol yaxshiroq biladi.

- Men gaplasha olmayman, u bilan, ota.

- Nima?! Urishib qolganmisizlar?

- Ha, betginasi qursin uning.

"Ayollarning fe’l-atvoriga hech tushunib bo‘lmaydi", deya o‘yladi keksa muallim. Bir qarasang apoq-chapoq, bir qarasang... Bu to‘rt kunlik dunyoda odamzoddan qoladigani ezguligu yaxshi nom emasmi? E, Xudo.

Chol maktab libosini qo‘ltiqlab qo‘shnisinikiga o‘tdi.

Motamsaro kayfiyatdagi, ustiga ko‘k kiygan ayol ma’yusgina kutib oldi qariyani.

Chorpoyaga o‘tirishdi, muallim fotiha o‘qidi.

- Ma, kelin, manovi o‘g‘lim xorijdan yuborgan maktab libosini chin dildan olib keldim o‘g‘lingga. Ering qadrdonim edi, o‘g‘ling esa ham o‘quvchim, ham nevaram!

- Buni olib kelganingizni keliningiz bilarmidi, ota?

- Ha, albatta.

... Ayol ichkari uyga kirib ketib bir qora tuguncha olib chiqdi-da muallimning yoniga keltirib qo‘ydi.

- Bu nima, kelin?

- Buyam maktab formasi, siz nevarangizga buning yap-yangisidan olib berganingizdan so‘ng keliningiz shu eskisini o‘g‘limga olib kelib bergandi.

- E, o‘g‘ling nega kiymadi, unda buni?

- O-o. Ota, otajon-a. Keliningiz shu libosni uyimizga keltirib bergan kuniyoq butun mahallaga aytib chiqibdi. "Biz anovi eri o‘lgan qo‘shnining o‘g‘liga maktab libosi xayriya qildik", deb. Axir bu… Bu juda og‘ir botdi bizga, ota. Shu tugunchani olib keting. Yangi olib kelganingizni ham olib qololmayman, hamma ham sizdek emas, ota.

Chol eshikka chiqdi-yu, gurs etib yiqildi. Qo‘lidagi qora tuguncha va  xorijiy maktab formasi chetga uchib ketdi.

Murodim UMRZOQOV.