Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tashkil etildi

Prezidentning “Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Orolbo‘yi mintaqasi uchun tibbiyot sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilar tashkil etildi:

* Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti;

* Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi.

Uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Institutga qabul har yili belgilanadigan O‘zbekistonning OTMlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida amalga oshiriladi.

Institut klinikasi muassisi institut hisoblanadi hamda uning faoliyati institut tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Institut va institut klinikasi – yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, tegishlicha davlat OTMsi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi.

Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yo‘li orqali institut ilmiy Kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.