Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Quloq»lar fojiasi

Aslida ruscha «kulak» so‘zi o‘zbekchada «quloq» yoki o‘sha davr taqozosiga ko‘ra «mushtumzo‘r» deb noto‘g‘ri talqin qilingan. Chunki ruscha «kulak» so‘zining ushbu tarjimalarga hech qanday aloqasi yo‘q. Ruslar «kulak» iborasini qo‘llaganda, mushtini bir joyga to‘plab, har topgan tiyini yoki so‘mini aql bilan ishlatib, birini ikki qiluvchi, nihoyatda tejamkor, ishbilarmon kishini nazarda tutishadi. Afsuski, sho‘ro tuzumi o‘z siyosatiga moslab, to‘kin yashashga intilgan kishini «kulak» iborasini salbiy ma’noda ishlatib pastga urish, ularning mavqei, ishbilarmonligidan foydalanish o‘rniga mol-mulkini tortib olib, o‘zlarini qamab yoki turli joylarga surgunga yo‘llab abgor qilish siyosatini tutdi. Ya’ni «Yo‘qolsin boylar, yashasin yo‘qsillar» shiori tom ma’noda amalga oshirildi.

«Quloqqa tortish» ishlari Samarqand viloyatida ham keskin tarzda olib borildi. Viloyatning turli hududlari, ayniqsa Zarafshon, Oqdaryo, Qoradaryodan suv ichadigan tumanlarida dehqonchilik rivojlangan, yerlar hosildor edi. Shu sababli o‘ziga to‘q, 1928-1930 yillar o‘lchovi bilan taqqoslaganda boshqa joylarga nisbatan boy hisoblanuvchi xonadonlar ko‘proq edi. Ular ayovsiz qatag‘onga uchradi. Bunday kishilarning bir qismi esa «quloq»qa tortilib, azob-uqubatlar girdobida qolishdan ko‘ra yolg‘iz o‘zi yoki ilojini topgani bola-chaqasi bilan chet ellarga chiqib ketishni afzal bildilar. Besh-olti yilga O‘zbekistonning sharoiti og‘ir hududlariga yoki Shimoliy Kavkaz, Ukraina, Qozog‘iston, Sibir tomonlarga ko‘chirib yuborilgan «quloq» xonadonlar u joylarda 14-15 yil qolib ketdi. Mana shu «quloq»larning ma’lum bir qismi maxsus mehnat lagerlariga oilasi bilan yuborilib, o‘zlari qurgan yerto‘la, chayla yoki guvaladan ko‘tarilgan uylarda yashab, to‘qayzorlarni, bo‘z yerlarni o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan. Ularni «mehnat ko‘chkindilari» deb atashgan. Bunday joylar doimo nazoratda bo‘lsa-da, lekin 30-yillarning boshlarida qattiq qo‘riqlanmagan. Shu sababli bunday joylarga ko‘chirilgan «quloq»larning bir qismi 4-5 yil mehnat qilib, o‘z qishloqlariga qaytishgan, ba’zilari esa u yerlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qochib ketishgan.

Lekin 1937 yilga kelib, «katta qatag‘on» boshlangach, bu ofatning domi ularni yana, avvalgisidan ham dahshatliroq tarzda torta boshladi.

1937 yil 2 iyulda Stalin 863/sh raqamli «Aksilsho‘roviy unsurlar to‘g‘risidagi direktiva»ni Kaganovichga aytib turgan va u «dohiy» og‘zidan chiqqan quyidagi so‘zlarni yozgan:

«Shu narsa ayon bo‘ldiki, bir paytlar turli viloyatlardan Shimoldagi va Sibirdagi rayonlarga yuborilgan, surgun muddati o‘tganidan keyin esa, o‘z viloyatlariga qaytgan sobiq «quloq»lar va jinoyatchilarning katta qismi kolxoz va sovxozlarda bo‘lganidek, transportda va sanoatning ayrim sohalarida ham turli-tuman aksilsho‘roviy va diversion jinoyatlarning bosh sababchilari bo‘lmoqdalar. VKP(b) MK viloyat va o‘lka tashkilotlarining barcha sekretarlariga hamda NKVDning viloyat, o‘lka va respub­likalardagi barcha vakillariga o‘z yurtiga qaytgan «quloq»lar va jinoyatchilarning eng g‘arazgo‘ylarini Uchlik­lar orqali ma’muriy yo‘l bilan darhol hibsga olib otib tashlanishi uchun barchasini hisobga olishni, qolganlarni, ashaddiy bo‘lmagan, ammo g‘arazgo‘y unsurlarni esa ro‘yxatga olish va NKVDning ko‘rsatmasi asosida rayonlarga yuborishni taklif qildi. VKP(b) MK besh kunlik muhlatda Uchliklar tarkibini, shuningdek, otishga mo‘ljallanganlar sonini, shu bilan birga surgun qilinuvchilar sonini MKga taqdim etishni taklif qiladi.

MK sekretari I.Stalin».

(Sidarov N.Spiski smerti«Sovershenno sekretno» gazetasining 2007 yil 9-soni)

Mana shu birgina xat tufayli «quloq» tamg‘asi qo‘yilgan yana minglab kishilarning bir qismi otuvga, qolganlar 8-10 yilga qamoqqa tashlandi.

Siyosiy byuroning 1937 yil 2 iyuldagi «Sovetlarga qarshi unsurlar to‘g‘risida»gi qarori keng ko‘lamli qatag‘onni o‘tkazish uchun yo‘l ochdi.

NKVD komissari N.Yejov tomonidan 1937 yil 30 iyuldagi 00447-sonli mutlaqo maxfiy operativ buyrug‘i qatag‘onning ommaviy tus olishida bosh omil bo‘ldi. Unga muvofiq, faqat to‘rt yarim oy davomida, ya’ni 1937 yil 10 avgustdan 1938 yil 1 yanvargacha bo‘lgan vaqtda O‘zbekiston bo‘yicha jami 10700 kishi qamoqqa olingan, ulardan 3613 kishi 1-toifa bo‘yicha otuvga, 7087 kishi 2-toifa bo‘yicha 8-10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ushbu buyruq ijrosini ta’minlash uchun respublikalar, o‘lkalar, viloyatlar hududlarida operativ sektorlar tashkil qilingan.

Keling, o‘sha paytlari viloyatimizdan qayta qatag‘onga uchragan ayrim «quloq»lar ishi bilan tanishib, ularning taqdiriga nazar tashlaylik.

Narpay tumanining Kosagaron qishlog‘idan bo‘lgan Hidoyat To‘xtamishev sobiq «quloq» hisoblanib, 1931 yilda «davlat majburiyatini bajarmagan»likda ayblanib 5 yil qamoqqa hukm qilingan. Jazoni o‘tab kelib kolxozda qorovul bo‘lib ishlayotgan paytida uni partiya va hukumat rahbarlari to‘g‘risida «notsenzur» gaplar aytganlikda ayblab 1937 yilda 10 yil qamoq jazosiga tortilgan.

Shu tumanning Tim qishlog‘idan (hozir Nurobod tumani tarkibida) bo‘lgan Bolta Musulmonov «sobiq quloq», 1932 yilda «davlat majburiyatini bajarmaganligi uchun» 3 yilga qamalib, u yerdan qochgan, «davlatga qarshi mag‘lubiyatchilik targ‘iboti olib borgan» degan ayblovlar bilan 1937 yil 12 avgustda 10 yil qamoqqa hukm qilingan.

Payariq tumanining Oytamg‘ali qishloq kengashiga qarashli Rayim qishlog‘ida yashagan «sobiq quloq» G‘ani Sharopov esa «Kolxozga kirib olib doimiy ravishda paxta ekishni barbod qilishga qaratilgan targ‘ibot olib borgan», «mag‘lubiyatchilik kayfiyatini bildirgan», «fashistik Germaniya va bandit Trotskiyni maqtagan»likda ayblanib o‘limga hukm qilingan.

Past Darg‘om tumanining Rabot qishlog‘ilik To‘ra Mirzayevga «quloq» sifatida bosh­qa joylarga «mehnat ko‘chkindisi» etib yuborilganiga qaramay o‘sha yerda 1937 yil 18 avgustda «Mehnat ko‘chkindilari orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan», «xalq dushmanlarini maqtagan» degan ayb­lar bilan sudlanib, 10 yil qamoq jazosi berilgan.

Samarqand tumanining Qo‘tirbuloq qish­log‘idan bo‘lgan Mulla Elchi O‘rozov ilgari «quloq» sifatida sudlangan. Hibsga olingan paytda kolxozda ishlayotganiga qaramay, «kolxozga qarshi aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan» degan ayb bilan unga o‘lim jazosi belgilangan.

Qoradaryo tumanining Burhon qishlog‘ida istiqomat qilgan To‘ychi Ulug‘murodov 1930 yilning boshida «quloq» qilinib, maxsus majburiy mehnat joylariga surgun qilingan bo‘lsa-da, o‘sha yerda qayta hibsga olinib, «Atrofdagilar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan, xalq dushmanlarini maqtagan» degan ayb qo‘yilib, 1937 yil          4 oktyabrda 10 yil muddatga qamalgan.

Shu tumanning Qirqyigit qishlog‘ilik Zokir Shukurovning qismati esa yanada ayanchli bo‘ldi. 1932 yilda ham «quloq» sifatida, ham «kolxoz mulkiga ziyon yetkazgan» degan ayblov bilan to‘rt yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Oradan bir yil o‘tib, qamoqda o‘tirgan odamga «aksilinqilobiy faoliyat uchun» deb yana 10 yil qo‘shadilar. Bularni qo‘lidan endi omon chiqmasligiga ko‘zi yetgan Zokir Shukurov qamoqdan qochib, yashirinadi. Lekin 1937 yilda sobiq «quloq»larga nisbatan qayta xuruj boshlangach, uni yana qo‘lga oladi va otuvga hukm qiladi.

Hozirgacha aniqlangan hujjatlardan shu narsa ayonki, 1937 yil avgustidan 1938 yil avgustigacha Samarqand viloyatidan 569 kishi «quloq» sifatida qatag‘on qilingan. Ularning 70-74 foizi «sobiq quloq» va dehqonlar bo‘lgan. Bu odamlarning 305 nafari kollektivlashtirish davridayoq birinchi marta «quloq» qilingan edilar.

Faqat Samarqand viloyatining o‘zidan yuzlab bunday misollarni keltirsa bo‘ladi. Shuni esda tutish lozimki, ular Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Qozog‘iston, Sibir tomonlarga surgun qilingan minglab xonadonlar, 8-10 yilga qamalgan yoki sud qarori bilan 30-yillar boshida otib tashlangan «quloqlar» soniga kirmaydi.

Umuman, partiya, sovet davlati tomonidan zo‘ravonlik va turli nayranglar bilan «quloq»larga nisbatan takror va takror o‘tkazilgan qatag‘on siyosati O‘zbekiston ahli uchun og‘ir fojia edi. Bu bir tomondan ming­lab odamlarning qamalishi, surgun qilinishi, ma’lum qismining otilishiga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilishining keskin pasayishiga, 1932-1933 yillardagi ocharchilikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Mustabid tuzum «quloq» tamg‘asini o‘tkazilayotgan islohotlardan norozi bo‘lgan barcha kishilarga hatto kambag‘al dehqonlarga ham bosdi. Ularga «quloqning dumi», «mushtumzo‘rlar tarafdori» deb nom berilib, jazoga tortildi.

Muzaffar MUQIMOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.