Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiyada O‘zbekiston fuqarosiga qurol bilan hujum qilgan 4 nafar o‘smirga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Sankt-Peterburg shahrida 2020 yil 7 fevral kuni shahar istirohat bog‘laridan birida 4 nafar o‘smir O‘zbekiston fuqarosi S.N.ga o‘q otar qurol bilan hujum qildi.

Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi bu xabarni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, hamyurtimizga 26-shahar shifoxonasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ruxsat berilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotganlar qo‘lga olingan. Tergov tadbirlari davom etmoqda.

Bosh konsulxona vaziyatni o‘z nazoratiga olgan.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida bo‘lib turgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7-965-029-41-49.